Tibbiyotda bezgak (malyariya) kasalligini davolashda ishlatiladigan mefloxin dori vositasi COVID-19 infeksiyasi bilan kurashishda foydalaniladi. Bu haqda rossiyalik shifokor, biologiya fanlari nomzodi Ancha Baranova ma’lum qildi.

Biologga ko‘ra, gidroksixloroxin tarkibidagi dorilar guruhi Xitoy va Fransiyadagi koronavirus bilan og‘rigan bemorlarda klinik tekshiruvlar o‘tkazilgan. Tekshiruvlar bemorlarning ahvoli yaxshilanganini tasdiqlagan, biroq preparatning virusga qanday ta’sir qilishi aniqlanmagan.

Shuningdek, biolog tarkibi gidroksixloroxin bilan bir xil bo‘lgan preparatlarning toksin (zahar)ligi kamroq bo‘lgan mefloxin ekanligini ma’lum qilgan. Ancha Baranova mefloxin ishlab chiqarish tez va davolashda keng qo‘llanilishi mumkinligini alohida ta’kidladi.

Avvalroq, Rossiya federal tibbiy-biologik agentligi (FTBA) koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda bezgakni davolashda foydalaniladigan mefloxin dori vositasini kasallikni davolashda foydalanish mumkinligini ma’lum qilgandi.

“Agentlik koronavirus infeksiyasini davolashda xitoylik va fransuz mutaxassislari tajribasidan kelib chiqib, maxsus sxema ishlab chiqdi”, – deyiladi axborotda.

FTBA rahbari Veronika Skvorsovaning qayd etishicha, preparat bemorlarni samarali davolanishini ta’minlashi mumkin. Shuningdek, mefloxin preparati asosida koronavirusni oldini olishda xavfsiz sxema ishlab chiqilmoqda.

AQShda COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksina ishlab chiqish bo‘yicha klinik sinovlar boshlangan, vaksina Vashingtondagi Salomatlik milliy instituti tomonidan ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, avvalroq Britaniyadagi hVIVO tadqiqot guruhining koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va shunga o‘xshash virusni yuqtirish dasturida ishtirok etishga 20 mingdan ortiq odam rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilingandi.

Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 29 taga oshib, 133 nafarga yetgan haqida xabar berilgandi, ikkita o‘lim holati qayd qilingan.

Jon Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 664 695 nafarga yetgani, vafot etganlar soni esa 30 847 nafarni tashkil qilmoqda.