Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida insonlarning harakatlanishiga ayrim cheklovlar kiritilganligi natijasida, avvalo, aholining ehtiyojmand qatlami, ya’ni kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor shaxslar va ishsiz fuqarolarni zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash ehtiyoji ortmoqda.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bunday sharoitda Shodiyev xalqaro fondi hukumat tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlarga o‘zining hissasini qo‘shishga va dastlabki bosqichda aholining kam ta’minlangan qatlamiga moddiy ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida Adliya vazirligi, Shodiyev xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va “Madad” nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan respublika bo‘yicha 1 500 dan ortiq yordamga muhtoj oilalar aniqlandi. Fondning yordami bilan jami 13 turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiyot vositalarini o‘z ichiga olgan ijtimoiy yordam to‘plamlari shakllantirildi.

Mazkur ijtimoiy yordam to‘plamlari ortilgan avtomobillar respublikaning olis hududlarida yashovchi egalariga yetkaziladi. Ularni topshirish paytida hududiy adliya organlari va “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining joylardagi filiallari tomonidan ularga huquqiy tushuntirishlar beriladi.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Ma’lumot uchun, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi 2018-yildan beri “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasini yo‘lga qo‘ygan. Loyiha doirasida aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy va iqtisodiy ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 104 nafarga yetdi. Yana bir bemor vafot etdi.