Buxoroda karantin qoidalarini buzgan 301 nafar fuqaro javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda epidemiyaga qarshi kurash harakatlari olib borilayotganiga qaramay, karantin qoidalariga amal qilmaslik holati bo‘yicha 300 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan.
Karantin vaqtida 51 nafar tadbirkor kiyim-kechak do‘konida faoliyatini davom ettirgan bo‘lsa, 250 nafar fuqaro jamoat joyida niqobsiz yurgani aniqlangan. Natijada ularning xatti-harakati yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 23-martidan viloyatda 169 ta to‘yxona, 9 ta istirohat bog‘i, 29 ta buyum bozori, 465 ta oshxona, 45 ta restoran, 87 ta kafe-bar, 66 ta kompyuter zallari hamda 4490 ta savdo do‘konlarining faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Bundan avval esa Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Gulistonda niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Oliy sud matbuot xizmati jamoat joylarida niqob taqmaganlarning qancha miqdorda jarima to‘laganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)