Toshkentda karantin choralariga qaramay, 28-mart kuni Yunusobod tumani Markaz-4 dahasida kuyov-navkar marosimi o‘tkazildi. Ushbu marosimda qatnashganlar profilaktika inspektorlari tomonidan IIBga olib kelingan, surishtiruv olib borilmoqda.

Kadr: IIV

IIVning xabar berishicha, kelinning otasi bir kun avval profilaktika inspektori va mahalla raisi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 176-son qarori bilan tanishtirilib, to‘y o‘tkazish mumkin emasligi haqida ogohlantirilgan. Buni xonadon egasi ichki ishlar xodimlari bilan suhbat vaqtida ham tasdiqladi.

“Ogohlantirilgandim. Lekin qarorda, adashmasam, jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish mumkin emas, qarindoshlar istisno deb yozilgandi. Shuning uchun jamoat joyida emas, uy ichida kuyov-navkar qilib, kuyov to‘rtta-beshta o‘rtoqlari bilan kelib, kelinni olib chiqib ketmoqchi edi”, — deydi kelinning otasi.

“Restoranda yoki birorta boshqa joyda to‘planish niyati yo‘q edi. Karantin tugaganidan keyin kunini belgilanib, o‘tkazmoqchi edik. Bu to‘y emas, kuyov-navkar. Kichkinagina kuyov-navkar. Besh-oltita odam bilan o‘tkazib, kelinni kuyov olib ketishi kerak edi. Bo‘ldi. To‘y-po‘y degan narsalar yo‘q edi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.