Toshkentning Yunusobod tumani Markaz-4 dahasida 28-mart kuni an’anaviy to‘yning tarkibiy qismi hisoblangan kuyov-navkar marosimi o‘tkazilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda videoxabarlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan IIV matbuot xizmati bayonot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yunusobod tumani Markaz-4 dahasi 22-uy oldida 28-mart kuni kuyov-navkar marosimi o‘tkazilgan. Voqea joyiga profilaktika inspektorlari borib, marosimda ishtirok etuvchilarning barini IIBga olib kelgan.

“Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi IIV axborotida. Qo‘shimcha qilinishicha, kuyov-navkarni qabul qilib olgan xonadon egasi bir kun avval — 27-mart kuni to‘y o‘tkazmaslik bo‘yicha rasman ogohlantirilgan.