Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki masjidda terakt sodir etib, 51 kishining o‘limida ayblanayotgan Brenton Tarrant o‘z aybini tan oldi, deb xabar beradi New Zealand Herald.

Kadr: New Zealand Herald

Kraystcherch sudida videochiqish qilgan 29 yoshli avstraliyalik ikkita masjidda jinoyat sodir etganiga iqror bo‘lgan. U 51 kishi o‘ldirish bo‘yicha ayblarini tan oldi.

Yangi Zelandiyada joylashgan ikki masjiddagi otishma 2019-yilning 15-mart kuni sodir bo‘lgandi. Tarrant Al-Nur hamda Linvud masjidiga hujum uyushtirib, uni Facebook orqali translyatsiya qilgan.

Avvalroq Brenton Tarrant hozirga qadar hujumda ayblanayotgan yagona shaxs ekanligi, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.