Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 56 nafarga yetganini ma’lum qildi.

“Infeksiya xorijda bo‘lib qaytgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan bir nafar fuqaroda aniqlangan”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Bundan avval, Sog‘liqni saqlash vazirligi davolanayotgan bemorlar orasida Toshkentdan tashqari, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan bo‘lgan fuqarolar borligi, shuningdek, 2 nafar bemor Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani haqida ma’lum qilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 55 kishiga yetgani, shuningdek, to‘rt nafar bemorning ahvoli og‘irligi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, xorijda bo‘lmagan va avval koronavirusga chalingan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lmagan 20 yoshli qizda ham kasallik aniqlangani ma’lum qilingan edi.