O‘zbekiston Xitoyga yeryong‘oq eksport qilishni boshlaydi. Bu haqda “Daryo”ga “O‘zdavkarantin” matbuot xizmati xabar berdi.
2019-yilning 5—10-noyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan Xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasida O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlari o‘rtasida Xitoyga yeryong‘oq eksport qilishga doir kelishuv imzolangandi.
Mazkur savdo bitimi doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlarga yanada ko‘proq qulayliklar, yengillik yaratish maqsadida mahsulotlarni avtotransportda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali yetkazish bo‘yicha kelishuv ham imzolandi. Shu asosda endilikda tadbirkorlar Xitoyga yeryong‘oqni Qozog‘istondan “Аlashankou” (temiryo‘l orqali) va “Xorgos”, Qirg‘izistondan “Irkeshtam” hamda “Turgart” chegara o‘tkazish punktlari orqali avtotransportda bemalol olib o‘tishi mumkin.
Аyni kunlarda O‘zbekistondagi yeryong‘oq mahsulotini qadoqlovchi korxonalar Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi saytida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozircha Xitoy davlatining fitosanitar talablariga javob bergan eksportyor korxonalarning umumiy soni 10 ta bo‘lib, dastlabki eksport natijalariga qarab ushbu ro‘yxat kengaytiriladi.
Kelishuvga asosan, yeryong‘oq yetishtiriladigan dalalar, uni qadoqlash sexlari, saqlash omborxonalari O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi. Respublikada mahalliy aviaqatnovlar va respublika bo‘ylab poyezdlarda yo‘lovchi tashish to‘xtatildi.
Izoh (0)