Buxoro viloyati hokimligida tegishli boshqarma, tashkilot va korxonalar mas’ul xodimlaridan tarkib topgan COVID-19 kasalligiga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat shtabidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 24-mart kuni yarim tunda Rossiyadan Vnukovo—Buxoro yo‘nalishida uchgan aviareys qabul qilindi.

Ta’kidlanishicha, samolyot bortidagi 266 nafar o‘zbekistonliklar favqulodda holatdan kelib chiqqan tartib-qoidalar asosida kutib olindi.

Yo‘lovchilarning 202 nafari erkak, 64 nafari ayol va 11 nafari voyaga yetmagan, 7 nafari nafaqa yoshida bo‘lib, ularning 4 nafari chet davlatdan deport qilingan.

Ular orasida Toshkent shahri hamda viloyati, shuningdek, Buxoro, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, vodiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi fuqarolar bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Buxoro xalqaro aeroportida tegishli tartibda karantin me’yorlariga muvofiq qarshi olingan yo‘lovchilar orasidan tana harorati yuqori bo‘lganligi sababli 4 nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. Qolgan yo‘lovchilarning har biriga nisbatan tibbiy-profilaktik nuqtayi nazardan qattiq nazorat o‘rnatilgan.

Shuningdek, aviabortda Vobkent tumanida istiqomat qilgan bir nafar fuqaroning jasadi ham bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasiga qatnab, ishlab yurgan bu fuqaro insult oqibatida chet elda vafot etgan.

Avvalroq Istanbuldan charter reys bilan uchib kelgan erkak Farg‘onada vafot etgani haqida xabar berilgan edi.