Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) keyingi to‘rt hafta ichida Tokio Olimpiadasini qoldirish masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda XOQ prezidenti Tomas Bax ma’lum qildi.

Foto: Twitter

“Biz ushbu masalaga taaluqli barcha bilan dunyodagi holatni o‘rganish va mazkur vaziyat Olimpiya o‘yinlarini surilishiga ta’sirini baholash uchun muhokamani boshladik. Biz chuqur o‘ylab ko‘ramiz va ishontirib aytaman, keyingi to‘rt hafta ichida qaror qabul qilinadi”, — deydi Bax.

Ispaniyaning Cadena Ser nashri xabariga ko‘ra, XOQ koronavirus sababli Olimpiadani qoldirish qaroriga kelgan.

Yozgi Olimpiya o‘yinlari 24-iyuldan 9-avgustga qadar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Avvalroq Tokio—2020 ijroqo‘mi va XOQ koronavirus tufayli yuzaga kelayotgan vaziyat Olimpiada muddatiga ta’sir etmasligi haqida ma’lum qilgandi.