20-mart, juma kuni, Markaziy harbiy okrugida joylashgan Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida 150 nafar samarqandlik chaqiriluvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga muddatli harbiy xizmatga kuzatildi. Bu haqda “Daryo”ga Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Tadbirda okrug qo‘mondonligi, Samarqand viloyati mudofaa ishlar boshqarmasi hamda tuman hokimligi vakillari ishtirok etgan.

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Aybek Saidovning aytishicha, ayni damlarda fuqarolarni armiyaga kuzatish sinovli va esda qolarli bo‘lmoqda. Maxsus komissiya qaroriga asosan, O‘zbekistonda xavfli infeksiya tarqab ketishining oldini olish maqsadida ommaviy bayram tadbirlari vaqtincha cheklangani sababli armiyaga kuzatilayotgan fuqarolarning ota-onasi va yaqinlari ushbu tantanali marosimda ishtirok eta olmayapti.

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

“Bu vaqtincha, albatta. Biroq tuman va viloyat yig‘in puktlarida tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan, chaqiriluvchilarning ota-onalari farzandlarini xizmatga kuzatish uchun harbiy qism hamda temiryo‘l vakzali oldida ommaviy yig‘ilmoqda. Bu esa hozirgi paytda o‘z hayoti va o‘zgalar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yish bilan barobar”, — deydi Aybek Saidov.

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Shuningdek, farzandining sog‘lig‘i haqida qayg‘urganlarga xavotirga o‘rin yo‘qligini aytib, armiyada askarlar uchun uyidagidan ham yaxshiroq sharoit yaratilgani, xavfga qarshi barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, 20-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 33 nafarga yetgani xabar berilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov koronavirusga chalingan ilk bemorlar tuzalayotganini ma’lum qilgan.