Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakatda koronavirus tarqalishi sabab favqulodda choralar ko‘rilishi haqida e’lon qildi. Mamlakatda barcha ommaviy tadbirlar taqiqlangan, maktablar, universitetlar yopilmoqda, milliy futbol chempionatlari to‘xtatilgan, deb xabar beradi Corriera della Sera.

Foto: AP Photo

Hukumat qarori bilan mamlakatda harakatlanishga ham cheklov o‘rnatiladi. Ish ehtiyojlari, oilaviy yoki sog‘liqni saqlash muammolarini hal qilish uchun istisno bo‘lishi mumkin. Munitsipalitetlar o‘rtasida harakatlanish uchun maxsus hujjat talab qilinadi.

Bundan tashqari, avvalroq Italiya shimolidagi hududlarda joriy etilgan ehtiyot choralari butun mamlakat bo‘ylab amalda bo‘ladi. Kontening aytishicha, koronavirusga qarshi turish uchun vaqt qolmagan, keskin choralar ko‘rish vaqti kelgan. “Qabul qilingan qonunni ‘Men uyda o‘tiraman’, deya tushuntirgan bo‘lardim”, — deydi bosh vazir.

Maktablar 3-aprelga qadar yopilgan, restoran va barlar soat 18:00 ga qadar ishlaydi. Shuningdek, futbol bo‘yicha Italiya chempionati hamda boshqa sport tadbirlari bekor qilingan.

Hozirgacha Italiyada 7985 ta virus yuqtirib olish holati kuzatildi. 463 kishi vafot etgan. Italiya koronavirusdan o‘lim holatlarining foiz ko‘rsatkichi bo‘yicha jahonda birinchi o‘rindagi mamlakatga aylandi. Shuningdek, mamlakatning Pyemont viloyati hokimi koronavirus yuqtirib olgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.