Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining 27-fevral, payshanba kuni, navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Yig‘ilishda senatorlar va vazirlik vakillari tomonidan Qonunchilik palatasi Kengashi hamda Senat Kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga asosan tayyorlangan qonun ham muhokama qilindi.
Tadbirda qayd etilishicha, to‘y-marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlar bilan mahalla inspektori suhbatlashadi va ma’muriy bayonnoma tuzib, uni ma’muriy sudga havola etadi. Jarimani undirish bo‘yicha sud qarori chiqqach, belgilangan vaqtda jarima to‘lovi amalga oshmasa, jarayonga bevosita MIB xodimlari ham aralashadi.
Jurnalistlar “To‘yxona, kafe va restoran egalari ma’muriy javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilyapti. Nima uchun qonunda mehmonxona, parklar, Registon maydoni kabi qadimiy obidalar qayd etilmagan? Axir odamlar mana shunday joylarda ham to‘y qilyapti va bu kelgusida ham davom etmasligiga hech kim kafolat berolmaydi-ku!”, degan savol bilan yig‘ilish ishtirokchilariga yuzlandi.
Ushbu savolga adliya vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov shunday javob qaytardi:
“Qonunda mehmonxona, parklar yo‘qligining sababi — bularning hammasida restoran mavjud. Restoran mehmonxona, parkka qarashli bo‘ladi. Restoransiz to‘y bo‘lmaydi. Mehmonxonaning o‘zida oziq-ovqat bo‘lmasa, hech qanday to‘y o‘tkazolmaysiz. Shuning uchun bu yerda hech qanday ikkilanish bo‘lishi mumkin emas. Qaysi mehmonxonaga borib, tartibni buzsangiz, albatta, javobgarlikka tortilasiz. Chunki bu xizmatlar restoran orqali ko‘rsatiladi”.
Izoh (0)