Qonunlarni yaxshi bilmay, yangi ish boshlagan tadbirkorni jinoiy javobgarlikka tortish, buning natijasida ertaga biznesga nisbatan ishonchsizlik paydo qilishi mumkin. Bu haqda Oliy sud sudyasi Shamsiddin Tojiyev jurnalistlar bilan ochiq muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.
Shamsiddin Tojiyev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tadbirkorlik faoliyati moddasini chiqarib, ushbu turdagi jinoyatlarni iqtisodiy yoki fuqarolik sudlarida ko‘rishni taklif qilmoqda.
“Biror shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa-da tadbirkorlik faoliyatini boshlab ma’lum bir miqdorda daromad olgan bo‘lsa, bu holat tegishli organlar tomonidan aniqlanadi. Agar soliqdan qochish yoki boshqa holatlar bo‘lsa, iqtisodiy yoki fuqarolik sudlari orqali bu narsalarni bartaraf qilib, javobgarlikka tortmasdan ham buni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozim”, — deydi Oliy sud sudyasi.
Uning ta’kidlashicha, hali qonunlarni yaxshi bilmay, yangi ish boshlagan tadbirkorlar jinoiy javobgarlikka tortilsa, unda ertaga biznesga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi: “Bu kabi harakatlar tadbirkorning keyingi ishlariga to‘siq bo‘lib qolishi mumkin. Balki bu tadbirkor kelajakda mamlakatga katta foyda keltiradigan ishlarga bosh bo‘lar?”
Shamsiddin Tojiyev Kodeksdagi 189-moddani — savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyatlarni ham iqtisodiy yoki fuqarolik sudlari orqali hal etish mumkin, deb hisoblaydi
“Bu jinoyat iqtisodiyotimizdagi ayrim nuqsonlar natijasida yuzaga kelmoqda. Masalan, tadbirkorning hisob raqamida mablag‘i bor. U naqd pulga chet eldan mahsulot olib kelishi lozim. Bunday vaqtda pulni naqdlashtirib olishda qiyinchilik yuzaga kelyapti. Sud jarayonlarida shu modda bilan ayblangan tadbirkorlar “Nima qilaylik, qonunni buzishga majbur bo‘lyapmiz”, degan holatlari ko‘p uchraydi. Banklarda shunday sharoit yaratishimiz kerakki, tadbirkor bank orqali pulini naqdlashtirib olishda qiyinchiliklarga duch kelmasin”, — deydi u.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 188-moddasi — tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan juda ko‘p miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olgan holda amalga oshirish — uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyektining ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlagan va zarur bo‘lgan ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Jinoyat kodeksining 189-modda — tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari buzilishining oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.