O‘zbekiston 2019-yil avgust oyida ko‘p yillardan beri birinchi marta chet el valyutasini naqd ko‘rinishda sotib olishga ruxsat berdi. Bunga qadar odamlar dollarni faqat xalqaro bank plastik kartalari orqali (Visa, MasterCard va boshqalar) sotib olishlari mumkin edi, deb yozmoqda Spot.
Qayd etilishicha, 2019-yil iyun oyidan boshlab, so‘m bir necha hafta davomida qadrsizlangan va oxir-oqibat uning narxi keskin tushgan hamda Markaziy bank valyuta kurslari tebranishining kengroq koridoriga o‘tishga majbur bo‘ldi.
Bu chora qisqa muddat davomida yordam berdi, ammo keyin so‘mning qadrsizlanishi tezlashdi va Markaziy bank 21-avgustdan boshlab naqd xorijiy valyutani sotishni boshlashga qaror qildi. Bir kun ichida banklar qariyb 15 million dollarlik valyuta sotdi, shundan naqd valyuta 9,6 million dollarga yaqin bo‘ldi. Shu kuni banklar aholidan 20 million dollarga yaqin mablag‘ni sotib oldi.Nashrning yozishicha, Markaziy bank 2019-yil bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qildi hamda avgust oyida valyuta bozori keskin ko‘tarilganligi ma’lum bo‘ldi.
Agar avval banklar aholidan oyiga 160—270 million dollar sotib olgan bo‘lsa, avgust oyidan boshlab sotib olingan valyuta miqdori 350—500 million dollarni tashkil etdi. Banklar tomonidan sotilgan valyuta miqdori ham oshgan. Agar avgust oyigacha sotilgan valyuta hajmi oyiga 65—130 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, undan keyin 160—100 million dollarni tashkil etgan.
Boshqa xorijiy valyutalar — yevro, Angliya funt-sterlingi, Yaponiya iyenasi, Rossiya rubli, Qozog‘iston tangasi va turk lirasi bo‘yicha vaziyat keskin o‘zgargan. Masalan, agar avgustgacha banklar oyiga o‘rtacha 2 million yevroni sotib olgan bo‘lsa, avgust oyidan keyin ularning hajmi 5 millionga yetgan.
Umuman olganda, 2019-yilda banklar aholidan 3,7 milliard dollar sotib oldi va 1,8 milliard dollar sotdi. 2018-yilda mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 2,6 milliard va 974 millionni tashkil etgan. Agar 2018-yilda banklar 61,2 million iyena sotib olgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 108,6 millionni tashkil etgan.
Spot’ning qayd etishicha, 2019-yil avgust oyida banklarga naqd xorijiy valyutani sotishga ruxsat berilganiga qaramay, bir qator cheklovlar saqlanib qolmoqda. Xususan, kecha-kunduz ishlaydigan valyuta ayirboshlash shoxobchalari mavjud emas va ba’zi banklar hatto soat 17:00 dan keyin dollar sotishni to‘xtatadi, biroq ular soat 22:00 gacha va hatto undan keyin ham valyuta sotib olishga tayyor.Ba’zi mamlakatlarda, masalan, Qozog‘iston va Rossiyada bu muammo xususiy ayirboshlash shoxobchalari orqali hal qilingan, ammo O‘zbekistonda bunday imkoniyat yo‘q va yaqin kelajakda rejalashtirilmayapti.
“Bu mamlakatlarda mazkur amaliyot bor edi, lekin bu o‘zini oqlamadi. Xususiy sektorga valyuta oldi-sotdisi operatsiyalari bilan shug‘ullanish huquqi berildi, ammo xususiy sektor uni suiiste’mol qilishni boshladi — noreal stavkalarni belgilash, qalbaki pullarni sotish, asossiz ravishda yuqori komissiyalarni undirish. Bularning barchasi oxir oqibatda aholiga zarar keltirdi”, — deya ta’kidlagan edi Markaziy bank vakili Bobur Abubakirov.
Abubakirovning ta’kidlashicha, faqat banklarning valyuta sotib olish va sotish bilan shug‘ullanishining yana bir sababi jinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash, bu jarayonlarni nazorat ostida ushlab turishdir.
Izoh (0)