“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Onore de Balzakning “Dahriyning ibodati” novellasi haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Men ko‘pincha foydali va qiziqarli narsalarni birlashtirishga harakat qilib yuraman. Masalan, kechki sayrga chiqib, ko‘p yurish orqali o‘ziga xos sport bilan shug‘ullansam, audiokitob eshitib, bilimlarimni boyitib boraman. Ushbu novellani ham ilk bora “Buyuk fransuz klassiklari” deb nomlangan audiokitobda tinglaganman. Hikoya menda juda katta taassurot qoldirgan.

Foto: Google Photos

Аsar haqida

“Dahriyning ibodati” Onore de Balzak tomonidan 1836-yilda yozilgan. Uning 1836-yil 18-yanvarda Ganskaya xonimga yozgan xatida ta’kidlashicha, “bir kechada o‘ylangan, yozilgan va bosilgan hikoya”. Novella yozuvchining “Inson komediyasi” to‘plamiga kiritilgan.

Syujet

Doktor Byanshon fanni bir nechta fiziologik nazariyalar bilan boyitgan ajoyib olim. Talabalik yillarida u taniqli fransuz jarrohlaridan biri, ilm olamida xuddi meteorga o‘xshab porlagan Deplenning rahbarligi ostida ish olib bordi. Deplen ateist, lekin uning bir siri bor edi. Bir kuni Byanshon Sent-Syulpisdagi cherkovga ibodat qilish uchun tashrif buyurayotgan jarrohni ko‘radi. U ko‘zlariga ishonmaydi va Deplenning orqasidan ergashishni boshlaydi. Dahriy Deplenning yiliga to‘rt marta ommaviy ibodatga buyurtma berishiga ishonch hosil qilganidan so‘ng Byanshon ustozidan izoh talab qiladi. Deplen qarshilik qilmaydi va o‘z hayoti haqida aytib beradi.

Tahlil

“Dahriyning ibodati” — juda chiroyli va ta’sirchan hikoya. Asar qahramoni Deplen obro‘li jarroh. U o‘zining diniy jihatdan qat’iyatli ateistligi va faqat ilm-fanga ishonishi bilan ajralib turadi. Jarrohlik bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan shifoxonada Deplenning shogirdi Goratsio Byanshon ham faoliyat yuritadi. Bir kuni u tasodifan Deplenning cherkovga qanday kirganini payqab qoladi. O‘z xo‘jayinining xatti-harakatlaridan ta’sirlangan Byanshon undan buni ochiqchasiga tushuntirib berishini so‘raydi. U esa o‘zining qiziqarli o‘tmishini ochib beradi.

Deplen hayotda juda ko‘p azob chekdi va qiyinchiliklar bilan kurashib omon qoldi. Ochlikdan azob chekayotgan paytda kelajakdagi mashhur jarrohga bir kambag‘al inson yordam qo‘lini cho‘zadi. Bu oddiy chilangar, janob Burja edi. Qariya bu yosh talaba Deplenning kelajagi porloq ekaniga ishonadi.

Burjua Deplen uchun go‘yoki o‘z otasiday g‘amxo‘rlik qildi, o‘zi kambag‘al inson bo‘lishiga qaramay juda saxiy edi. Аmmo Deplen dunyoning eng zo‘r jarrohlaridan biri bo‘lib yetishsa-da, uni hayotga tayyorlagan ustozi, do‘sti janob Burjani o‘limdan asrab qololmadi. Dunyoda qanchalik mohir shifokor bo‘lmagin, o‘lim absolyut haqiqat. Qiziq jihati, Deplen buni ich-ichidan his qilardi, o‘zini odam qilgan insonga yordam bera olmaganidan qattiq afsusda edi. Uning homiysi bo‘lgan janob Burja juda taqvodor inson edi, Deplenning qo‘lidan keladigan ish esa har yili cherkovga borib o‘z ustozi uchun ibodat qilish bo‘ldi.

Nazarimda, asardagi bosh qahramon Byanshon ham, Deplen ham emas, samimiy va saxiy inson janob Burja edi. Novellani ilk bor o‘qiganimda, men bu muhitda buyuk insoniy fazilatlarni topganimdan ta’sirlanib ketganman.

Janob Burja kambag‘al bo‘lishiga qaramay, o‘zining saxiyligi, samimiyligi bilan boy edi va u evaziga biror narsa olishni o‘ylamasdan berdi: Buyuk insonparvarlik qildi! Deplen Xudoga ishonmasdi, bu uning prinsiplaridan biri bo‘lsa-da, o‘tmishda unga yaxshilik qilgan insonni saqlab qolish qo‘lidan kelmagach, ibodat qilishga majbur bo‘ldi. Chunki u hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan odamni topgan va yo‘qotgan edi.

Bu kichik gumanistik hikoya zamirida insoniylik munosabatlarining eng sof tuyg‘ulari yotibdi. Asar orqali Balzak har doim o‘zi orzu qilgan narsaga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Ha, muvaffaqiyat inson uchun biz o‘ylaganimizdan ko‘ra qiyinroq yo‘ldir. Olovli shuhratparastlik sizni boshqalar bilan parallel yo‘lga qo‘yadi, lekin sizning yo‘llaringiz kesishib o‘tishida ehtiyot bo‘ling, ular sizni yo‘q qilishi ham mumkin. Yaxshiyamki, asarda bizning mashhur jarrohimiz Janob Burja bilan uchrashishga majbur bo‘ldi.

Аsar so‘nggida qalbingizning ichida qoladigan bir savol qoladi. Аgar siz ham professor Deplen kabi Xudoga ishonmasangiz, hayotingizda sizni unga ishontira oladigan, ishonishga majburlay oladigan inson paydo bo‘ladimi?

Xulosa

Hikoyani barchaga o‘qib chiqishni maslahat beraman. Qisqa bo‘lishiga qaramay, hikoya Balzakning eng kuchli asarlaridan biridir. Fidoyilik va insonlarga bo‘lgan ishonch tarixi va minnatdorlik hikoyasi. Ehtimol, oddiy suv tashuvchi janob Burja unga yoshligida yordam bermaganida, iqtidorli jarroh Deplen haqida dunyo bilmagan bo‘lar edi.

Burja o‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rsa-da, iqtidorli va kambag‘al yosh yigitga yordam berish uchun pulidan ham, orzusidan ham voz kechdi. Deplen mashhur shifokorga aylandi, ammo uni kim “odam qilganini” hech qachon unutmadi. Oddiy suv tashuvchi Burja tomonidan berilgan tarbiya, hatto Deplen singari qat’iy ateistni ham o‘z xayr-ehson qiluvchisi uchun ibodat qilishga majbur qildi. Fidoyilik va o‘zidan voz kechish hissi har doim ham insonning eng go‘zal fazilatlaridan biri bo‘lib qoladi.

Iqtiboslar

Bu uzoq va halovatsiz, o‘zing bilan yakkama-yakka shafqatsiz jang qilish edi. Biror kishi menga achinib qaramasdi. Аxir, do‘stlaring bo‘lishi uchun puldor bo‘lishing, yosh tengqurlar bilan tanishib, ular bilan ulfatchilik qilishing, ular qayerga borsalar, sen ham o‘sha yerga borishing kerak bo‘lardi. Menda esa bularning hech biri yo‘q edi;

Ba’zi birovlar Parijda yaqin orada mansabga minishingizni sezishlari bilanoq sizni yerga ag‘darib tashlashga harakat qiladi, yiqilib boshingizni yorib olishingiz uchun mingan otingiz ayilini bo‘shatib qo‘yadi, uchinchilari esa otingiz oyog‘idagi taqalarni sindirib, maydalab tashlaydi, to‘rtinchisi qamchiningizni o‘g‘irlaydi, eng halol hisoblanganlari esa qo‘lidagi to‘pponchalarini ko‘kragingizga tirab, sizni otmoqchi bo‘ladi;

Jarrohlik shuhrati ham aktyorlar shuhratini eslatadi: ular faqat hayot bo‘lgan vaqtlaridagina yashaydi, vafotlaridan keyin esa ularning iste’dodlarini baholash qiyinlashib qoladi;

Baxil va ahmoqlar hech qachon buyuk aql egalari faoliyatini harakatga keltiruvchi sabablarni tushunolmaydi. Buyuklarning mayda-chuyda kamchiliklarini ko‘rishlari bilanoq darhol shularga qarab aybnoma yopishtira boshlaydi.

Qiziqarli faktlar

— O‘z nomi bilan kitoblarga imzo qo‘yishdan oldin, yozuvchi taxalluslar ostida behisob hikoyalar, roman va qisqa hikoyalar yaratdi. Balzak kitoblarining aniq soni hozirgacha noma’lum;

— O‘z tarjimayi holida muallifning ta’kidlashicha, o‘zi yozgan eng sevimli asari bu “Lui Lambert” romani;

— Yozuvchi dunyoda birinchilardan bo‘lib, mualliflik huquqi loyihasini ishlab chiqdi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.