“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
11:47, 27.01.2020 86185

Daydi bola daftari. Dikkensning “Oliver Tvist” romani haqida

“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Charlz Dikkensning “Oliver Tvist” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Menimcha, har bir kitobga qiziquvchi inson bolaligida “Tom Soyer”dan tashqari albatta “Oliver Tvist”ni ham o‘qigan bo‘lsa kerak. Bu kitob bilan ilk bor buvimning kutubxonasida tanishganman. Roman juda katta tarbiyaviy ahamiyatga egaligidan tashqari, insoniyatni o‘ylantiradigan juda ko‘p savollarga javob izlaydi.

Asar haqida

“Oliver Tvist” – buyuk ingliz yozuvchisi Charlz Dikkensning ikkinchi va, menimcha, eng mashhur romani. Dikkens ingliz adabiyotida birinchi bo‘lib bosh qahramon sifatida yosh bolani tanlagan. Asar 1837-yil fevraldan 1839-yil martgacha Bentley’s Miscellany adabiy jurnalida Jorj Krukshenkning rasmlari bilan nashr etilgan. Shuningdek, 1838-yil oktabrda alohida kitob holida chiqarilgan.

Syujet

Oliver Tvist – onasi uni tug‘ishi bilan vafot etgan – yetim bola. U sharoiti juda og‘ir mahalliy cherkovdagi bolalar uyida o‘sadi. Qaysarligi uchun yetimxona xo‘jayini Oliverni tobutkashga shogird qilib yuboradi. U yerda bola katta shogird bilan janjallashib qoladi.

“Oliver Tvist” filmidan kadr

Shogird bilan janjaldan so‘ng Oliver Londonga qochib ketadi va u yerda jinoyatchi Jek Doukinz bilan tanishadi. Jinoyatchilar to‘dasiga ayyor yahudiy Feygin boshchilik qiladi. Ularga sovuqqon qotil va o‘g‘ri Bill Sayks qo‘shiladi. Oliverning 17 yoshli qiz do‘sti, jinoiy to‘daning a’zolaridan biri Nensi unga mehr ko‘rsatadi. Jinoyatchilarning rejalarida esa Oliverni cho‘ntakkesar qilib tarbiyalash bor edi.

Tahlil

“Oliver Tvist” syujeti shunday tuzilganki, kitobxonlarning diqqat markazida real hayot voqeligiga duch kelgan yosh bola bo‘ladi. U hayotining birinchi daqiqalaridanoq yetim edi. Oliver nafaqat yaxshi yashash sharoitidan mahrum, balki adolatsiz taqdirga qarshi juda yolg‘iz va ojiz bo‘lib o‘sdi.

Dikkens ma’rifatparvar bo‘lgani sababli o‘sha paytdagi qashshoqlar yashagan g‘ayriinsoniy sharoitga katta e’tibor qaratgan. Chunki qashshoqlik boshqa odamlarning bunday toifadagi odamlarga befarqligi kabi dahshatli narsa emas. O‘sha davr Angliyasidagi adolatsizlik tufayli kambag‘allar azob chekardi, ular abadiy xo‘rlanishga mahkum edi. Yetim va nochor bolalarni uy-joy, oziq-ovqat, ish bilan ta’minlashga mo‘ljallangan ishchi uylari qamoqxonalarga o‘xshab ko‘rinardi. Bolalar oilalaridan ajratilgan va u yerda zo‘rlik bilan ushlab turilgan, oziq-ovqat bilan juda kam ta’minlangan, ortiqcha va foydasiz ishlarni qilishga majburlangan.

Londonga qochgach, Oliverning hayoti “ko‘cha”ning qo‘lida qoladi. Ma’lumki, taqdiri hech kimni bezovta qilmaydigan bunday ko‘cha bolalari aksariyat hollarda jamiyat tanasidagi yaraga – daydi va jinoyatchilarga aylanadi. Ular yashab qolish uchun jinoyatda ishtirok etishga majbur bo‘ladi. Bu olamda esa shafqatsiz qonunlar hukmronlik qiladi. O‘g‘il bolalar tilanchi yoki o‘g‘rilarga aylanadi, qizlar esa tanasini sotib pul topadi. Ko‘pincha ular tabiiy o‘limdan o‘lmaydi, balki umrini qonun sirtmog‘ida yakunlaydi. Omadlirog‘ining esa umri qamoqda chiriydi.

Romanda Charlz Dikkens Londonning jinoiy jamiyatini oddiygina qilib tasvirlaydi. Bu jamiyat poytaxt hayotining ajralmas qismi deb hisoblangan. Yozuvchi o‘quvchiga bolalarning ruhi jinoyatlarga moyil emasligi haqidagi asosiy fikrni yetkazishga harakat qiladi va buni uddalaydi. Chunki bolalar ma’naviy poklikni aks ettiradi, deb hisoblaydi muallif. Ular shunchaki zamon va jamiyatning qurbonlari edi. “Oliver Tvist”ning asosiy qismi shu g‘oyaga bag‘ishlangan.

“Oliver Tvist” filmidan kadr

Shu bilan birga, yozuvchini ko‘p savollar tashvishga soladi: insonning fe’l-atvori shakllanishiga, shaxsiyatining shakllanishiga nimalar ta’sir qiladi? Tabiiy moyilliklari va qobiliyatlarimi, kelib chiqishimi yoki ijtimoiy muhitmi? Nega kimdir oliyjanob va odobli, kimdir esa yomon va noinsof jinoyatchiga aylanadi? Bu savollarga javob berish uchun Dikkens Nensi obrazini syujetga kiritadi. Bu jinoyat olamiga juda yosh kirgan qiz. Ammo bu uning mehribonligi va oliyjanobligiga to‘sqinlik qilmaydi. Aynan u Oliverni noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishga harakat qiladi.

Asarda Dikkens qarovsiz qolgan bolalar psixologiyasi, ularning hayot tarzini yaxshi ochib beradi. London ko‘chalarida Oliver bilan birga daydib yurasiz go‘yo. Muallif bolalarni jinoyatga yoki yaxshilikka undovchi omillarni yagona kontekst ostida to‘qnashtira oladi. Hanuz javob topa olmagan savolimni sizga berib, tahlilni tugatmoqchiman: asar tragediya bilan yakunlanganida ham shunchalik mashhur bo‘lishi mumkinmidi?

Xulosa

“Oliver Tvist” – buyuk Dikkensning eng mashhur romani. Yetim bo‘lib qolgan, Londonning xarob mahallalarida yurgan bolakay hikoyasi. Kichkina qahramonning taqdiridagi vaziyatlar, uning yo‘lidagi ko‘plab uchrashuvlar, qiyin va xavfli sarguzashtlar. Ijtimoiy roman bugungi kunning ham dolzarb muammolari aksidir. Shuning uchun ham bu asar kitobxonlar orasida hozirgacha juda mashhur bo‘lib, xalq kitobiga aylanib ulgurgan.

Iqtiboslar

Shunday kitoblar bo‘ladiki, ularning muqovasidan boshqa yaxshi tomoni bo‘lmaydi;

Yerga shu kungacha yog‘gan yoki yog‘adigan yomg‘ir boshqa birovning ichidagi olovni o‘chira olmaydi;

Yepiskopdan kiyimini tortib oling, diniy ulamoning bosh kiyimini olib qo‘ying – shunda ular kim bo‘ladi? Odamlar. Oddiy odamlar! Ba’zida qadr-qimmat va hatto muqaddaslik shunchaki kiyim-kechakka bog‘liq xolos;

Rassomlar xonimlarni asliga qaraganda chiroyliroq qilib chizadi, aks holda ular buyurtmasiz qoladi.

“Oliver Tvist” filmidan kadr

Qiziqarli faktlar

- Dikkens juda irimchi odam edi. U hamma narsaga uch marta teginardi – omad keltiradi deb; juma kunini baxtli kun deb hisoblardi; navbatdagi romanining oxirgi qismi chiqqan kuni u albatta Londonni tark etardi;

- Dikkens kitob yozayotganida har 50 satrdan keyin bir stakan issiq suv ichardi;

- Yozuvchi yodgorliklardan nafratlangan. Adibning vasiyatiga binoan uning sharafiga haykal o‘rnatilishi taqiqlangan;

- Har doim shimol tomonga qarab uxlar edi. U buyuk asarlarini yozayotganda ham shimolga qarab o‘tirardi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ