Xitoy koronavirusi tarqalgani haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekistonda tibbiy himoya niqoblariga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Bu esa tibbiy niqoblar defitsitini va uning ortidan narxlar oshishini keltirib chiqarmoqda.

“Daryo” muxbirlari niqobga bo‘lgan talab, yetishmovchiliklar va qimmatlab ketishi sabablarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi dorixona xodimlari bilan  suhbatlashib, mmuammo sabablarini o‘rganib chiqdi.

Foto: “Daryo”

“Daryo”ning Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, viloyatdagi aksariyat dorixonalarda niqoblar taqchilligi yuzaga kelgan. Qarshi shahridagi savdosi “chaqqon” dorixona xodimlarining ta’kidlashicha, so‘nggi 4-5 kunda niqoblarga talab oshgani bois, taqchillik kuzatilmoqda.

“4-5 kundan beri maska sotmayapmiz. Boisi, maskaning o‘zi yo‘q. Aytishlaricha, biz xarid qiladigan joyda ham maska narxi keskin oshgan. Olib kelinsa, qoplamaydi”, — deydi Qarshi shahri markazidagi dorixona xodimi.

Niqob taqchilligi kuzatilayotgan mazkur dorixonadan sal narida faoliyat yuritayotgan, xalq tilida “11-apteka” nomi bilan mashhur dorixonada niqob narxi 1300 so‘mni tashkil etadi.

Dorixona xodimlarining ma’lum qilishicha, hozirda 1300 so‘mdan sotilayotgan niqoblar ilgari 500 so‘mga sotilgan. “Maska deyarli sotilmasdi. Sotilsa ham qaytimga olinardi. Hozir esa talab katta. O‘tgan kuni dorixonamizga kelgan xaridorlarning aytishicha, qaysidir joyda maska 3000 ming so‘mdan ham sotilgan”, — deydi Qarshi shahridagi dorixona xodimi O‘ktam Hakimov.

Foto: “Daryo”

Viloyatning chekka hududlari, xususan, Dehqonobod tumanidagi dorixonalarda sotilayotgan niqoblar narxi 1000—1500 so‘mni tashkil etadi.

“Yaqin kunlarda maska narxi yana oshadi, boisi kun sayin Xitoy koronavirusi vahimasi kuchaymoqda. Bu safar o‘zimiz ham joyidan 1600 so‘mdan olib kelyapmiz. O‘sha ‘maska’lar sotuvga chiqsa, 1800—2000 so‘m bo‘lishi aniq. O‘tgan safar 1300 so‘mdan olgandik, 1500 so‘mdan sotyapmiz”, — deydi o‘zini tanishtirishni istamagan dorixona xodimi. Unga ko‘ra, kuni kecha tumandagi katta zavod ishchi-xodimlari uchun 10 ming dona niqob xarid qilgan va bu narx oshishiga sabab bo‘lgan.

Mazkur dorixona bilan yonma-yon faoliyat ko‘rsatayotgan dorixona xodimi esa ularda sotilayotgan niqoblar narxi 700—1000 so‘m ekanligini aytdi. Ammo ayni paytda sotuvda niqob yo‘qligini bildirdi.

Samarqand viloyati muxbiri Farhod Norbo‘tayevning ma’lum qilishicha, Samarqand shahridagi dorixonalarda tibbiy niqoblar 1500 so‘mdan 2000 so‘mgacha sotilmoqda.

Foto: “Daryo”

Dorixona xodimlarining aytishicha, ularga yetkazilayotgan niqoblar narxi ishlab chiqaruvchi korxonalarda ham qimmatlagan.

“Kapital farm savdo” MChJ dorixona mudiri Baxtiyor Yahyoxonovning aytishicha, avvalari “Grand”, “Marina”, “Paradiys” korxonalaridan maska xarid qilib kelgan. “10 kundan buyon maska kelmayapti. Avvallari “Fazo lyuks” korxonasi ishlab chiqarardi. Hozir unda ham yo‘q. Biz 320 so‘mdan olib, 400—500 so‘m atrofida sotardik”, — deydi Baxtiyor Yahyoxonov.

“Aptekachi”larga ko‘ra, tibbiy niqoblarning Toshkentdan kelishi muammoga aylangan.

Foto: “Daryo”

Farg‘ona viloyati muxbiri Azizjon Ermatov ham viloyatdagi dorixonalarda niqoblar taqchilligi kuzatilayotganini xabar qiladi. Beshta dorixonaning to‘rttasida niqoblar sotuvda yo‘q. Dorixonalarda niqoblarning eng arzoni 1000 so‘m, qimmati esa 2500 so‘mdan sotilmoqda.

“Bugun ertalab 200 ta maska bor edi. Soat 10 gacha hammasini sotib bo‘ldik. Undan keyin niqob izlab kamida 500 ta odam keldi shekilli. Bir oy ilgari kamdan kam odam maska olardi. Xitoyda virus chiqib, maskaning savdosi yurishib ketdi-da. Boshqa dorixonalarda ham yo‘q bo‘lsa kerak”, — deydi shahardagi dorixona xodimlaridan biri.

Foto: “Daryo”

Xaridorlar dorixonalarda niqob topilmayotganidan shikoyat qilmoqda. “Nabiralarimga maktabida maska taqib kelinglar, deyishgan ekan. Shuning uchun maska izlab 7—8 ta aptekaga kirdim. Hech birida yo‘q. Oxiri mana shu aptekadan 2 dona sotib oldim. 1500 so‘m ekan”, — deydi Farg‘ona shahrida yashovchi Nargiza Olimova.

Marg‘ilon shahridagi dorixonalarda eng arzon niqob 1000 so‘m, qimmati esa 2200 so‘mdan sotilmoqda. Shahardagi 2-son oilaviy poliklinika binosida joylashgan ijtimoiy dorixona xodimining aytishicha, dorixonadagi maskalarning barchasi sotib bo‘lingan. Ta’minotchilar buyurtma qilingan miqdorda tibbiy niqob yetkazib bera olmayapti.

Foto: “Daryo”

Marg‘ilon shahridagi dorixona sotuvchisining ma’lum qilishicha, 10—15 kun avval niqoblar 500 so‘mdan sotilgan. “Ta’minotchilarda ham hozir maska yo‘q ekan. Topish qiyin bo‘lib qoldi. Bori ham qimmat. Bugun 50 dona maska topib keldim. 2200 so‘mdan sotyapmiz”, — deydi dorixona egasi.

Buxoro viloyati muxbiri Laylo Hayitovaning ma’lum qilishicha, ayrim dorixonalarda niqoblar narxi haligacha 500 so‘m. Ayrimlarida esa 1000 so‘m. Biroq aksariyat dorixonalarda niqob yo‘q. Taqchillik.

Foto: “Daryo”

Dorixonalarda maskalar avvalroq 350—500 so‘mdan sotilgan. Buxoro shahridagi markaziy dorixonaga mijoz bo‘lib kirgan muxbir 4 dona maskani 2000 so‘mga sotib olgan. Markaziy dorixona xodimining aytishicha, ularga har kuni 200—300 donagacha niqob keladi. Uning narxida yoxud kamayib ketishida o‘zgarish bo‘lmagan.

Farma choins ta’minotchi firmasidan dori-darmon vositalari va niqoblar xarid qilib kelayotgan Buxoro shahridagi Euro form dorixonasi rahbari Farhod Azimovga ko‘ra, tibbiy himoya niqoblari avvalgiga nisbatan kam keltirilmoqda.

Foto: “Daryo”

“Xitoydagi bugungi og‘ir holat tufayli xitoyliklar maskalarini qaytarib olib ketishini bildirgan. Xitoyda koronavirus tarqalishidan ilgari sayohat tufayli Buxoroga kelgan xitoyliklarning shaxsan o‘zlari dorixonamizga keldi. Ko‘p miqdorda xarid qilib, Xitoyga jo‘natishlarini bildirdi. Biroq ta’minotchidan har kuni 100—200 donagacha xarid qilib olamiz. Shu bois, xitoyliklarga imkon qadar yetkazdik. Ayni paytda 43 dona maska qoldi. Hech bir mijozni quruq qaytarmayapmiz”, — deydi Farhod Azimov.

Farhod Azimovning ta’kidlashicha, u maskalarni firmadan 900 so‘mga xarid qilib, 1000 so‘mdan sotyapti.

Foto: “Daryo”

Holatni o‘rganayotgan “Daryo” muxbiri shahardagi “Mehrigiyo” dorixonasida bo‘lganda, dorixona xodimining keskin qarshiligiga uchragan. Jurnalist surishtiruvi qonun doirasida kechayotganini tushuntirishiga qaramasdan sotuvchi “Siz hali bu yerdan qanday chiqib ketishingizni o‘ylang” — deya po‘pisa ham qilgan. Bu ham yetmaganidek, “Daryo” muxbirining ish qurolini ham tortib olgan.

Basfarm hamda Best pharm dorixonalarida bir necha kundan buyon maskalar sotilmayotganligi, ta’minotchi firma tomonidan yetkazilmayotgani bildirilgan. “Yuz niqoblari yo‘q. Hatto, o‘zimiz ham yuz niqobsiz savdo qilyapmiz. Uch kuncha ilgari Xitoyga jo‘natish uchun hammasini yig‘ib olib ketishdi. Xitoyliklarning o‘zlari keldi. 100—200 dona xarid qilib, davlatlariga jo‘natishlarini bildirdi. Ularga 10—15 dona yuz maskalarining donasini 500—600 so‘mdan yetkaza oldik”, — deydi Gulbahor Hotamova.

“Buxoro dori-darmon” MChJ raisi Dilmurod Ahadovga ko‘ra, yuz niqoblarining taqchilligi nafaqat Buxoroda, Respublika bo‘ylab kuzatilmoqda. “Yuz niqoblari tanqisligi, albatta, vaqtincha. Bir necha kundan keyin ta’minotchilar tomonidan Buxoro dorixonalariga ham yuz niqoblari yetkaziladi”, — deydi Dilmurod Ahadov.

Foto: “Daryo”

“Daryo”ning Andijon viloyati muxbiri Umidjon Mamarasulovning aniqlik kiritishicha, viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanidagi dorixonalarda maska yo‘q. Borlari ham 4000—5000 so‘mdan sotilmoqda. Izboskan tumanida ham atigi 2—3 ta dorixonalarda mavjud bo‘lgan niqoblar narxi 2500—3000 so‘mni tashkil etadi. Jalaquduq tumanida esa maskalar narxi 1000 so‘m. “Odamlar maska topishsa, narxining ahamiyati yo‘q, sotib olishyapti”, — deydi dorixona xodimlaridan biri.

Avvalroq Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘z vakolatlari doirasida dorixonalarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan ulgurji va chakana savdo ustamalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishini ma’lum qilib, farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, litsenziya talablari va shartlariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.

Ma’lumot uchun, Xitoyda tarqalgan koronavirusdan vafot etganlar soni 565 kishiga yetib, kasallanganlar soni 28 ming kishidan oshib ketdi. Hozircha infeksiyadan tuzalgan bemorlarning soni 911 kishini tashkil qilmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi O‘zbekistonda infeksiya aniqlanmagani haqida ma’lum qildi.