“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
16:25, 29.01.2020 27899

UFC’da qozog‘istonlik ilk sportchi debyut qiladi. U O‘zbekistonda tug‘ilgan

Qozog‘istonlik MMA ustasi Shavkat Rahmonov 21-mart kuni UFC Fight Night 171 musobaqasida debyut qiladi.

Foto: UFC

Rahmonovga UFC’dagi debyutida polshalik Bartosh Fabinski raqiblik qiladi. Ushbu jang Londondagi O2 arenasida bo‘lib o‘tadi.

25 yoshli Rahmonov UFC tarixiga ilk qozog‘istonlik sportchi sifatida kiradi. U MMA’dagi faoliyati davomida 12 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Sakkizta jangda nokaut evaziga raqiblarini taslim qilgan. 33 yoshli Fabinski esa UFC’dagi to‘rtinchi jangini o‘tkazadi.

Qayd etish joiz, Shavkat Rahmonov 1994-yil 23-oktabrda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi shahrida tug‘ilgan. U 2011-yil Qozog‘istonga ko‘chib borgan. Avval Turkiston, Qarag‘anda viloyatlarida istiqomat qilgan. So‘ngra Ko‘kchatauga ko‘chib, “Ko‘kcha” akademiyasida ta’lim olgan. MMA’ga qadar boks, sambo hamda jiu-jitsu bilan shug‘ullangan. 2014-yilda esa MMA’da ilk jangini o‘tkazgan.

U intervyularida O‘zbekistonda tug‘ilganini ta’kidlab, aslida qozoq millatiga mansubligini qayd etadi.

Yanada ko‘proq boks, MMA va UFC yangiliklarini kuzatib borishni istasangiz, @UFCBOXUZ kanaliga obuna bo‘ling!

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar