Sobiq “Abu-Saxiy” bozori, hozirgi “Toshkent savdo markazi”ning xalq tilida “mato bozori” deb yuritiladigan 1-blokida savdo qiluvchi tadbirkorlarning noroziligi aks etgan video e’lon qilindi.
Videoda olomon o‘rab olgan bozor ma’muriyati vakilari buziladigan do‘konlar o‘rniga qayerdan joy berilishi haqida ma’lumot berishga urinayotgani, biroq olomon ularga gapirishga imkon bermayotgani aks etgan. Bozor mutasaddilari do‘konlar rekonstruksiya qilinganda yoki buzilganda mulkdorlarga kompensatsiya to‘lanishi, do‘kon o‘rniga boshqa do‘kon berilishi haqida tushuntirayotganda olomon ushbu takliflarni kadastr hujjatlari asosida qonuniy amalga oshirishni talab qilgan.
Tadbirkorlar 1-blokdagi do‘konlar qurilishiga o‘rtacha 15—20 ming AQSh dollari sarflanganini, videodagi ayollardan biri esa ikkinchi guruh nogironi ekanligi, boshqa yo‘l bilan tirikchilik qilishga imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan.
Boshqa bir tadbirkor ulardan do‘konlarni tortib olishga hech kimning haqi yo‘qligini, hokim o‘rinbosarlari, bozor ma’muriyati amaldagi qonunlarga bo‘ysunmagani va aslida ular ma’muriyat, savdogar va investor o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolashi lozimligini aytgan. Unga ko‘ra, investor loyihasi asosida tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lanishi, do‘kon egasiga yerto‘ladan emas, balki o‘zi istagan yerdan joy ajratilishi lozimligi aytilgan. Shuningdek, ismini oshkor qilmagan tadbirkor hokimlik va bozor ma’muriyati tadbirkorlarni ushbu vaziyat yuzasidan bir hafta avval ogohlantirmay, yong‘in xavfsizligi talabi bilan do‘konlarni bo‘shatishni talab qilishi noto‘g‘ri.
Izoh (0)