Amazon asoschisi Jeff Bezosning shaxsiy fotolari matbuotga sizib chiqishi va milliarderning telefoni saudiyalik xakerlar tomonidan taxmin qilinayotgan buzilishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik aniqlanmadi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: The New York Times

The New York Times nashriga ko‘ra, Bezos va teleboshlovchi Loren Sanches o‘rtasidagi yozishmalarni National Enquirer tabloidiga milliarderning ma’shuqasi ukasi Maykl Sanches tomonidan berilgani asosiy versiya bo‘lib turibdi.

National Enquirer egasi bo‘lgan American Media kompaniyasi ham material uchun manbalarni Maykl Sanchesdan olinganini tasdiqladi va bunga uchinchi tomon aralashgani haqidagi taxminlarni “yolg‘on” deb atadi.

Oldinroq OAV xakerlar Jeff Bezosning telefonini u WhatsApp orqali Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammal bin Salmonning raqamidan jo‘natilgan zararli faylni olganidan so‘ng buzganligini bildirgandi. Saudiya Arabistonining AQShdagi elchixonasi bu taxminini “be’manilik” deb atadi.

Bezosning o‘zi ham ma’shuqasi bilan yozishmalari e’lon qilinishi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgandi. Qoshiqchi Bezosga tegishli The Washington Post nashrida ishlagan.