Amazon asoschisi, milliarder Jeff Bezos WhatsApp’dan Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad bin Salmon raqamidan yuborilgan deb taxmin qilinayotgan zararli fayl olganidan so‘ng xakerlar uning telefonini buzgan. Bu haqda The Guardian’ga tayanib Meduza xabar bermoqda.

Foto: Reuters

Raqamli ekspertizaning ko‘rsatishicha, telefon 2018-yilning 1-mayida, ehtimol saudiyalik shahzoda raqamidan videofayl ko‘rinishidagi SMS kelganidan so‘ng buzilgan. Bungacha Bezos va bin Salmon messenjerda do‘stona gaplashayotgan bo‘lgan.

Fayl yuborilganidan so‘ng bir necha soat ichida Bezosning telefonidan katta hajmdagi ma’lumotlar ko‘chirib olingan. Telefondan aynan nima o‘g‘irlangani va undan nima maqsadda foydalanilgani noma’lum.

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchixonasi OAVlarning “janob Jeff Bezos telefoni buzilishi ortida qirollik turibdi”, degan taxminini be’manilik deb atadi.

Avvalroq Bezosning telefoni buzilishiga Saudiya Arabistoni aloqadar bo‘lishi mumkinligi haqida uning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gevin de Bekker ham aytgan. U telefonning xakerlar tomonidan buzlishini jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi voqeasi bilan bog‘lagan. Qotillikda Saudiya Arabistoni hukumati gumonlanmoqda.

2019-yilning yanvarida, ya’ni Jeff Bezos telefoni xakerlar hujumiga uchraganidan yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, National Enquirer tabloidi milliarderning uning mashuqasi — teleboshlovchi Loren Sanches bilan yozishmalarini e’lon qilgan. The Wall Street gazetasi tabloid bu ma’lumotni teleboshlovchining ukasi Maykl Sanchesdan, unga 200 ming dollar berib sotib olganini ta’kidlagan.