Toshkent shahri Shayxontohur tumanida Milliy gvardiya xizmatchilari 18-oktabr kuni soat 20:40 larda Anhor kanalida cho‘kayotgan ayolni qutqargani haqida xabar berilgan edi.

O‘shanda Milliy gvardiya xizmatchilari Anhor kanalida cho‘kayotgan ayolni ko‘rib tezkorlik bilan uni suvdan olib chiqqan. Qutqarilgan 39 yoshli ayol shifoxonaga yotqizilgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

“Zamon” informatsion dasturida aytilishicha, o‘z joniga qasd qilishdan qutqarib qolingan ayol o‘z xaloskorini 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi hamda unga guldasta sovg‘a qildi.

“O‘sha paytda men stress holatida edim. Agar bular bo‘lmaganida men halok bo‘lgan bo‘lardim. Hozir hammasi yaxshi. Bulardan minnatdorman, bayram bilan tabriklayman”, — deydi ayol.