Samarqandda majburiy mehnatga qarshi chiqqan bank xodimi tuman hokimligi vakili tomonidan kaltaklandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev ma’lum qilmoqda.

“Daryo” muxbiriga Samarqand viloyati, Payariq tumanida paxta mavsumi paytida ro‘y bergan hodisa tasvirga olingan video kelib tushdi. Videoda Payariq tuman hokimligining tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Akbarali Ernazarov hamda “Xalq banki”ning Payariq tuman filiali xodimi Ikrom Aralov o‘zaro tortishib qolgani aks etgan.

Foto: Videodan skrinshot

Tahririyat manbasining voqeaga oydinlik kiritishicha, Payariq tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdullayev “bo‘ldi degandan keyin bo‘ldi-da endi, deb Ikrom Aralovni ajratib, uni itarib yuborgan. Otabek Abdullayevning “ellik marotaba sizlarni ajratdim” degan so‘zlaridan anglashilishicha, Akbarali Ernazarov hamda Ikrom Aralov o‘rtasidagi kelishmovchilik uzoq vaqt davom etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Xalq banki”ning Payariq tuman filiali xodimi Ikrom Aralov majburiy mehnatga qarshilik qilgan. Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Akbarali Ernazarov esa uni shu sababli urgan. Aytilishicha, Akbarali Ernazarov ishdan olingan. Ammo tuman hokimligi o‘z vaqtida buni oshkor qilishni istamagan.