Taniqli dizayner Narimon Grigoryanning murdasi qotillik alomatlari bilan o‘zi ijarada yashaydigan xonadondan topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilishlaricha, Yashnobod tumani Chigil ko‘chasida joylashgan xonadondan Narimon Grigoryanning jasadi topilgani haqida Yashnobod tuman IIO FMB navbatchilik qismiga 14-yanvar kuni soat 11:50 da xabar kelib tushgan.

Alohida qayd etishlaricha, 1985-yilda tug‘ilgan Narimon Grigoryanning murdasida qotillik alomatlari bo‘lgan. Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga olinib, malakali tergovchilaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot berilishi ta’minlanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Bosh prokuratura matbuot kotibi.

Narimon Grigoryan o‘zbekistonlik taniqli dizayner, xalqaro moda namoyishlari, tanlovlari va festivallari ishtirokchisi edi. U 2004—2008-yillarda O‘zbekiston raqs akademiyasida tahsil olgan. U Toshkentda Nariman Grigoryan brendi ostidagi moda uylariga egalik qilardi.

Qo‘shimcha qilishlaricha, u o‘z vaqtida “Todes” guruhi safida ijod qilgan, xalqaro raqs tanlovlarida O‘zbekistondan yagona hakam sifatida ishtirok etib kelardi.