Mana 2019-yilni tamomlab, 2020-yilga hatladik. O‘tgan yilimiz pishiqchilik yili bo‘ldi, qovun-tarvuz mo‘l bo‘ldi. Jumladan, rasmiylarimiz bir-biridan katta va shirin qovunlar tushirdi. Ularning ta’mi ijtimoiy tarmoqlarni paydar-pay portlatdi. Biz esa qovunlarning reytingini tuzdik. Gapni cho‘zmasdan yil qovunlariga navbatni beramiz, deydi qovunshunos Sarvar usta.
Eng ko‘p iste’mol qilinuvchi qovun
Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov go‘sht narxi oshishiga munosabat bildirayotib gapining uchqur iboraga aylanishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. “Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti. Buni ‘Amerika kasalligi’ deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q”, degan edi sentabr oyidagi uchrashuvda janob Hayitov. Aslida Hayitov buni aholi go‘sht iste’moli ortib borayotganligi bilan izohlamoqchi bo‘lgan, biroq O‘zbekistonda go‘sht iste’moli jahon miqyosida olganda ham ancha kamligi bois kuchli kulgi uyg‘otmasdan qolmadi.
“Daryo”ga bergan intervyusida Aktam Hayitov o‘z so‘zlarini izohlab berdi.
Shundan so‘ng energetik tizim mutasaddisi Abdurashid Mirzayev “Juda ko‘p elektr energiyasi iste’mol qilyapmiz” deya qovunni, yo‘g‘e bayroqni Hayitovdan olib estafetani davom ettirdi.
Eng qattiq qovunYiqilmagan, aksincha sindirgan. Toshkent shahri, Olmazor tumani zamhokimi Abdurasul Vahobov avval “Kun.uz” sayti muxbirlarini quvladi, hatto tahririyat mulki bo‘lgan qurilmani sindirib tashladi. Biroq javobgarlikka tortilishi oson bo‘lmadi. Ish kattalashgach, hokim o‘rinbosari muxbirlarning o‘zini ayblab intervyu ham berdi. Muxbirlarga hujumni ko‘plab faollar qoralab chiqdi, hatto prokuratura nazoratiga oldi.
Ammo Vahobov janoblari shunday mustahkam o‘rnashgan ekanki, buzilayotgan uy egasini ko‘tarib olib chiqarib tashlagani videosi tarqalganda ham javobgarlikka tortadigan mard topilmadi. Ana shunday mustahkam va pishiq kadrni baribir amallab ishdan olishdi. Voqea muhokamasi esa ancha vaqtgacha davom etdi.
Eng bemaza qovun
Ekopartiya faoli Ulug‘bek Pirmuhamedov Toshkentga viloyatliklarning oson kelib-ketish yo‘lini topdi. “Fikrimizcha, fuqaro Toshkentga kelishidan oldin o‘zining hududidagi inspektordan ro‘yxatdan o‘tishi maqsadga muvofiq. Shunday tizim joriy etilsa, Toshkentda muammolarga uchrashining oldi olinadi”, dedi Pirmuhammedov. Bu taklif toshkentliklar va viloyatliklar orasida ochiq-oydin rahna solishga ishora bergani uchun deputat istehzo va tanqidlarga ko‘mildi. “Daryo”ning “Rezonans” loyihasining maxsus soni ekoqovunga bag‘ishlandi.
Mavzuga doir:
Rezonans: Ekopartiya vakili nega Toshkentga kelish uchun talon joriy etishni taklif qildi?
Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyev uchun 2019-yil pishiqchilik yili bo‘ldi. Allaqachon brendga aylangan “horami” so‘kishi muallifi chet ellik sarmoyadorning soqolini olish, shialarning do‘ppisini kiyganni tergash, firmalarga 300 milliondan jarima solish, shifoxonada yupqa kiyimda yotganlarga tanbeh berish, bolasiga Mujohid ismini qo‘yganlarni tergash kabi antiqa tashabbuslari bilan el og‘ziga tushdi. O‘nlab blogerlarning sahifasini hokimning surati bezadi. Bu holat Senatda ko‘rilgach, Shuhrat G‘aniyev uzr so‘radi. U avvalroq Rishtonda uyi buzilganlar oldida ham kechirim so‘ragan edi.
Biroq Farg‘ona hokimi hamisha diqqat markazida bo‘lib kelish an’anasi buzilmadi. Aniqrog‘i, kechpishar qovunlar aholi oldiga chiqarildi. Qish sovub ketganligi bois farg‘onalik bloger G‘aniyevning iste’fosini so‘rab internetga joylagan videosi ortidan yana bir “zapis” chiqdi. Ovoz G‘aniyevga tegishli deb taxmin qilingan audioda blogerning janozasini o‘qish bilan tahdid qilinadi.
Audio ortidan hokimlikning axborot xizmati ham mashhurlikka erishdi va oddiy aholi pranker so‘zining ma’nosini bilib oldi. Axborot xizmati G‘aniyevning ovozini pranker o‘xshatganini iddao qilgan bo‘lsa, jurnalist Muhammadjon Obidov hokim nomiga ochilgan soxta hisoblar ortida puldor siyosiy kuchlar turganini bildirdi. Shunday qilib, 2019-yilning kuzi qovunga mo‘l-ko‘l bo‘ldi.Eng issiq qovun
Vohaliklar “kichik Amerika” deb ataydigan Yakkabog‘da yilning antiqa voqealaridan biri sodir bo‘ldi. Xo‘sh, nega kichik Amerika? Chunki kimnidir otib ketish holatlari Yakkabog‘da ko‘proq uchrab turadi. Faqat qurol tanqisligi bois bo‘lsa kerak, bu safar kuppa-kunduzi hokim o‘rinbosarining ustidan yonilg‘i sepib gugurt chaqib yuborildi.
Tuman hokimning o‘rinbosari Mansur To‘ymayev tadbirkorning binosini buzish topshirig‘ini berdi. Bino ichida odamlar turgani, qolaversa, tadbirkor Bahriddin Isomov faol qarshilik qilayotgani sababli buldozerchi buzishga botinmaganda zamhokimning o‘zi rulga o‘tirib buzishga kirishganda tavakkalchi tadbirkor unga benzin sepib yoqib yubordi. Chunki hokimlik buzilgan binoga kompensatsiya to‘lamasligi avvaldan ayon edi. Ularning ikkalasi ham jazoga tortildi. Bu voqea esa bosar-tusarini bilmayotgan hokimliklarga dars bo‘ldi, Qashqadaryo hokimi uzr so‘radi.Eng go‘shtdor qovun
Go‘sht mavzusiga yana qaytamiz. Go‘sht narxi nega oshayotgani yuzasidan mutaxassislar bilan suhbatlashgan muxbirimiz g‘aroyib ma’lumot oldi. “Aslida go‘sht iste’molini kamaytirish kerak, zero go‘sht qaritadi degan naql bor. Aslida ham 90-yillar odamlari bilan bugungi kun odamlarini solishtirsangiz, buning haqiqat ekanini ko‘rish mumkin. Hozirda aholi yosharib bormoqda. To‘g‘ri, go‘shtning sog‘liqqa foydali jihatlarini ham hisobga olish kerak. Shuning uchun biz, kattalar go‘sht yeyishni kamaytirib, farzandlarimizga ko‘proq berishimiz kerak. Bu borada Xitoyning tajribasi bor. Ular non va go‘shtni bizdan 10 baravar kam yeydi!”, dedi ulardan biri. Zum o‘tmasdan bloger Xitoyda go‘sht iste’moli O‘zbekistondagidan ikki barobar ko‘pligi haqida blogpost yozdi.
Eng yuqoridagi qovun
Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev: “...Inflyatsiyaga kelsak, bizda inflyatsiya darajasi yuqori emas. To‘g‘ri, inflyatsiya yuqori, lekin bizdan ham yuqori davlatlar ham bor – masalan Venesuela...”, deb qo‘yib kulgu ostida qolib ketdi.
Keling, unga qaratilgan parodiyalarni sanaymiz: Bosh prokuror: Bizda korrupsiya darajasi yuqori emas. To‘g‘ri, korrupsiya yuqori, lekin bizdan ham korrupsiyalashgan davlatlar bor, masalan Somali; O‘FF prezidenti: Futbolchilarimiz a’lo o‘yin ko‘rsatmoqda. To‘g‘ri, darvozaga tepolmayapti, biroq tog‘ yonbag‘rida joylashgan Butan davlatini osongina yutadi; O‘zgidromet direktori: Havo qattiq isiyotgani yo‘q. To‘g‘ri, havo isiyapti, ammo Afrikachalik issiq emas; Sog‘liqni saqlash vaziri: Shifokorlarga katta maosh berilmoqda. To‘g‘ri, katta emas, biroq EKIH undan ancha kam; Ta’lim vaziri: Oliy ta’lim dargohlari ehtiyojimiz uchun yetarli. To‘g‘ri, kamchilik bor, ammo masalan Antarktidada bittayam ta’lim dargohi yo‘q; O‘MI rahbari: Diyorimizda masjidlar talaygina. To‘g‘ri, masjidlar ko‘p emas, ammo Tinch okeanida bittayam masjid yo‘q. Ana shunaqa qitmir blogerlar bor!
Eng tezkor qovun
Toshkent ko‘chasida soatiga 200 kilometr tezlikda mashina haydasangiz javobgarlikka tortilasizmi? Tortilasiz. Tortilmasligingiz ham mumkin, qachonki qonundan hatlab o‘tishga yordamlashuvchi “tanka”ngiz bo‘lsa. Biroq “yangilanayotgan O‘zbekiston”da qonunni buzgan “vallomati bo‘lsayam” jarima to‘laydi. Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov “Bugunoq barcha jarimalar to‘landi. Qonun barcha uchun barobar! Shu fursatdan foydalanib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jonkuyar xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!” — deb yozdi jarima kvitansiyasi aks etgan fotoga qoldirilgan izohda.
Eng past navli qovun
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov UzReport telekanalining “Tribuna” ko‘rsatuvida yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijdagi mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha savollarga javob qaytarish davomida qiziq fikr tashladi. Tabiiyki, mehnat muhojirlari eng nozik muammoimiz sanaladi, xususan, ularning transporti yo‘lda buzilishi, halokatga uchrashi tez-tez sodir bo‘ladi.
Alisher Qodirov bu borada gapirar ekan, “O‘zini hurmat qilgan odam til biladigan davlatda ish qidiradi. Bunday odam 50 dollar tejash uchun havo harorati 50 daraja sovuq bo‘lgan vaqtda yonib ketishi mumkin bo‘lgan avtobusga chiqmaydi”, deb qo‘yib, e’tirozlar ostida qolib ketdi.
Eng arzon qovun
“Milliy tiklanish” partiyasiga muxolif Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov Alisher Qodirovni tanqid qilib turadi. Biroq Inoyatovning o‘zi mutlaqo bexato so‘zlaydi, desangiz adashasiz. Ulug‘bek Inoyatov salovoldi “Demokratik debat”tida Toshkentda 2,5 million so‘m oylik oluvchi bir nafar boquvchi besh kishidan iborat oilani boqishi mumkin, degan fikrni bildirgan edi. Keyinroq partiya faollari yetakchining fikrini tekislab, faqat oziq-ovqat xarajatlari nazarda tutilgan, deyishdi. Biroq partiya yetakchisi fikrida sobit qolganini keyinchalik bildirdi. Demak, eslab qoling, Toshkentda 2,5 million so‘mga besh kishidan iborat oila yashay oladi. Qanday yashash – bu sizning ixtiyoringizda.
* * *
Bilasizmi, qovunlarimiz bir-biridan ko‘p va rang-barang. Ammo juda uzun yozish niyatimiz yo‘q. Eng uyatsiz qovun “shest sekundda geyga chiqarish”, eng aynigan qovun “kam ta’minlanganlarning nafaqa olib dangasalashib ketgani” bo‘lsa...
- To‘xta, Sarvar usta, eng shirin qovunni nega yozmaysan? Axir qovun bo‘ladi-yu, shirini bo‘lmaydimi?
- Eng shirin qovunni Andijon shahri hokimi tushirdi...
- Yozmaysanmi, axir?
- Yo‘q, yozmayman. Shaxsiy ishini ommaga olib chiqmayman.
- Bo‘lmasa, yil so‘ngida tilak bildir.
- Bu yili pishib qolgan qovunlarni kelasi yili uzib tashlash nasib qilsin, omiyn.
- Omiyn, aytganing kelsin.
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)