Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida aholining tibbiyotga oid murojaatlarini o‘rganish, muammolarga joyida yechim topish va ularni ijobiy hal qilishga qaratilgan ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unda Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganov, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev hamda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va muassasalari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida davolanishga muhtoj, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan, ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarning murojaatlari mutaxassislar ishtirokida tinglandi.
Muloqot doirasida muammolar to‘g‘ridan to‘g‘ri yechimga yo‘naltirildi. Ya’ni, joylardagi sayyor qabullar va ochiq muloqotlarda aniqlangan bemorlarning har biri xastaligiga qarab ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda respublika tibbiyot muassasalariga shu kunning o‘zida joylashtirilib, zarur jarrohlik amaliyotlari bajarilishi belgilab olindi.
Ommaviy sayyor qabulda jami 161 nafar fuqaroning murojaati hal etildi. Jumladan, 120 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilgan bo‘lsa, qolgan 41 nafariga rejali ravishda diagnostika va davolanishi uchun imtiyozli yo‘llanmalar berildi.
Izoh (0)