18-dekabr kuni O‘zEOAVMAda huquq-tartibot organlari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Kun.uz”.

Foto: “Daryo”

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuraturaning sobiq rahbarlari haqida fikr bildirdi.

“Nazorat organining sobiq rahbariyati faoliyatiga tanqidiy baho berish juda qiyin. Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan qonunlarning buzilishi prokuratura organlarida xizmat qilayotgan vijdonli xodimlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu, shuningdek, bizga nisbatan xalqning salbiy munosabati shakllanishiga ham turtki bo‘ldi. Biz xalq prokuraturasini yaratishimiz kerak”, — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yunusobod tuman sudining binosida 2019-yil 26-iyun kuni O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashidjon Qodirovga JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U. Sunnatov 19 yilga, A. Mirzayev 15 yilga, U. Xurramov 14 yilga, J. Fayziyev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan 27-sentabr kuni Davlat xavfsizligi xizmati (DXX)ning sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi.

Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.

2018-yil yanvaridan 2019-yil yoziga qadar O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Otabek Murodov 2019-yilning 18-sentabrida qamoqqa olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishida sobiq bosh prokurorni tanqid qilib, u poraxo‘rlikda ayblanayotgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilganini aytgandi.

Keyinroq Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodov o‘zidan avvalgi O‘zbekiston bosh prokurori DXX sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotgani haqida ma’lumot bergan edi.