O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida birinchi o‘zbek—turk biznes forumi tashkil etildi. Unda Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirlari shu yil fevral oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi yig‘ilishida Toshkentda o‘zbek—turk forumini tashkil etishga kelishib olgan edi. Shuningdek, Alisher Shodmonov va Faxruddin Qovja 2019—2020-yillarga mo‘ljallangan hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni ham imzolagan edi.
O‘zbekiston—Turkiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi alohida o‘rin tutadi. O‘tgan yil mart—iyul oylarida TIKA gumanitar yordam sifatida O‘zbekistonga 50 ta Toyota rusumli tez yordam mashinasini yetkazib berish bo‘yicha loyihani amalga oshirdi.
2018-yil aprel oyidan boshlab transplantatsiya sohasida taniqli turkiyalik olim, professor Mahmud Xaberal rahbarligida Anqaradagi Boshkent universiteti mutaxassislari ishtirokida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi boshlandi. Ayni paytga qadar 300 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.
Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan kelishuvga binoan shu yil yozda Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida ushbu universitetning filiali ochilgan bo‘lib, u yerda tibbiyot fakulteti va Oliy tibbiyot maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu maskanda 130 dan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Kanimed saglik gozumlari kompaniyasi bilan Termiz, Namangan, Andijon va Toshkentda 70 million AQSh dollari miqdoridagi laboratoriya-diagnostika markazlarini tashkil etish, shuningdek, xususiy kasalxonalar qurish bo‘yicha 30 million AQSh dollarilik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Termiz shahrida zamonaviy Kani-med laboratoriya markazi ochilganini alohida ta’kidlash kerak. Bu yerda 30 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 300 turdan ortiq laboratoriya tahlillari bajarilmoqda.
Forum doirasida har ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi faoliyat aks etgan ko‘rgazma ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar, taqdimotlar, davra suhbatlari hamda turk delegatsiyasi vakillarining davlat va xususiy tibbiyot muassasalariga tashriflari tashkil etiladi.
Jumladan, ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zbek-turk shifokorlari hamkorligida tibbiyotning turli yo‘nalishlarida noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan bemorlar holidan ham xabar oladi.
Izoh (0)