“Bunyodkor” futbol klubi ikkita legioner futbolchisi bilan xayrlashdi. Bu haqida klub rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Foto: FC “Bunyodkor”

“Bunyodkor”ni ukrainalik Yevgeniy Chumak hamda rossiyalik Dmitriy Ostrovskiy tark etdi. Klub rahbariyati futbolchilar bilan uchrashgan va tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani uzaytirmaslik qaroriga kelgan. “Bunyodkor” futbolchilar bilan to‘liq hisob-kitob qilgan.

“Ochig‘i, shunday sharoitga ega klubda to‘p surganimdan xursandman. Akademiya, maydonlar, asosiy stadion — to‘g‘risi, ilk bor ko‘rganimda shok holatiga tushgan edim. “Bunyodkor”ni Chempionlar Ligasining saralash bosqichiga yo‘l olgani bilan tabriklayman! Jamoa guruh bosqichiga chiqishiga tilakdoshman!”, — deydi Yevgeniy Chumak.

“Avvalo klubda ishlayotgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, xususan murabbiylar shtabiga. Ular bilan yaxshi davrlarni o‘tkazdim. “Bunyodkor”da murabbiylardan tortib, shifokoru, uqalovchilargacha hamma o‘z ishining ustasi ekan. Shuning uchun bu yerda o‘tkazgan vaqtimga achinmayman. Rahbariyat oylik-maoshlarimizni berib, biz bilan hisob-kitob qildi”, — deydi Dmitriy Ostrovskiy.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!