Uzbekistan Airways 2019-yilning 31-dekabridan 2020-yilning 2-yanvariga qadar Yangi yil bayrami nishonlanadigan muddatga respublika ichidagi aviaqatnovlar uchun chegirmalar e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, bayram chegirmalari:
- Yakka yo‘lovchilarga — 30 foiz;
- Sayyohlik guruhlari (5 kishidan boshlab), maktab o‘quvchilari, kollej, litsey va OTMlar talabalari, IIV, Mudofaa vazirligi, DXX, DSQ, DBQ va boshqa idoralar tizimidagi maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari va tinglovchilariga — 40 foiz;
- Oilalarga (2 kishidan boshlab — er va xotin; er, xotin va ularning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari; ota yoki ona 18 yoshgacha farzandlari bilan) — 50 foiz;
- Pensionerlar va nogironligi bo‘lgan insonlarga — 50 foiz;
- 1941—1945-yillardagi urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslarga — 50 foiz;
- Chernobil AES falokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarga — 50 foiz.
Chiptalar uchun chegirma 2019-yilning 31-dekabridan 2020-yilning 2-yanvariga qadar bo‘lsa-da, Uzbekistan Airways saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu kunlarda Toshkentdan Farg‘ona, Qarshi va Navoiy shaharlariga reyslar umuman rejalashtirilmagan. Samarqand, Buxoro, Termiz va Namangan shaharlariga esa faqat 2-yanvarda reyslar bor.
Urganch va Nukus shaharlariga esa har kuni reyslar rejalashtirilgan.
Shuningdek, kompaniya saytida Yangi yil chegirmasi e’lon qilingan kunlar uchun qo‘chimcha reyslar tashkil etilishi haqida ma’lumot berilmagan.