O‘zbekistonda 2019-yilning 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov kampaniyasi oldingilaridan nimasi bilan farq qilishi haqida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov Sputnik nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Quyida mazkur MSK raisi o‘rinbosari bilan bo‘lgan intervyuni taqdim etamiz.

Foto: Sputnik

Ushbu saylov kampaniyasida qanday yangiliklar joriy etilgan?

Eng asosiysi — biz ushbu saylovlarga yangi qonun bilan bormoqdamiz. U oldin amal qilgan beshta normativ-huquqiy aktlar o‘rniga qabul qilingan. Ya’ni, bu o‘yin qoidalarini yangilovchi, butunlay yangi tizim.

Undan tashqari biz xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonini takomillashtirish haqidagi maslahatlarini hisobga olgan holda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini joriy etdik. Bu respublika miqyosidagi ma’lumotlar bazasi bo‘ladi. Ayni damda unga 18 yoshga to‘lgan, ovoz berishi huquqiga ega bo‘lgan 20,6 million fuqaro kiritilgan.

Ana shunday dastur ilk bor 2017-yilda Toshkentdagi mahalliy saylovlarda sinovdan o‘tgan edi. Endi biz ushbu yechimni respublika miqyosida qo‘llamoqdamiz.

Undan tashqari og‘ir jinoyat sodir etmagan, jamiyat uchun xavfli bo‘lmagan sudlangan shaxslarga ham birinchi marotaba ovoz berish huquqi berildi.

Shuningdek, biz saylovda kuzatuvchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan fuqarolar toifalarini ham kengaytirdik. Oldin kuzatuvchilar safiga faqat siyosiy partiyalar vakillari va xorijiy kuzatuvchilar kirgan bo‘lsa, endi oddiy o‘zbekistonliklar, mahallar vakillari ham saylovning qonuniy o‘tkazilayotganini kuzatib borishi mumkin

Yana bir yangilik — bu xorijdagi saylovchilar bilan yanada kengroq ishlash. Turli ma’lmotlarga ko‘ra, ayni damda 2 millionga yaqin fuqaro xorijiy yurtlarda. Biz ular ham ovoz berishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqdamiz. Buning uchun biz tashqi ishlar vazirligi, elchixona va konsulxonalar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yganmiz. Mamlakat ichida saylov o‘tkazish bu bir narsa bo‘lsa — xorijda saylov tashkil qilish ancha murakkab ishdir. Biz OAV vakillarini faol taklif qilmoqdamiz. Odamlarga ular u yoki bu mamlakatlarda qanday ovoz berishi mumkinligi haqida ma’lumot berib bormoqdamiz. Natija ijobiy bo‘lishiga umid qilamiz.

Oldin amal qilgan qonunlarni o‘zgartirishga nima sabab bo‘lgan?

Men huquqshunos sifatida shuni aytishim mumkin. Oldin bir vaqtning o‘zida beshta qonun parallel ravishda amal qilgan. Ularning ayrim normalari bir-biriga zid bo‘lgan. Ba’zan saylov qo‘mitalari muayyan vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini bilmay qolardi: bir qonunda bunday, boshqasida boshqacha yozilgani sababli.

Endi bo‘lsa ushbu muammolar bartaraf etilgan, normalar yagona shaklga keltirilgan. Bunday muammolar endi takrorlanmaydi.

Siz xalqaro tashkilotlar tavsiyalari haqida gapirdingiz. Ular orasida O‘zbekiston qabul qilmaganlari ham bormi?

Ha, bor. Masalan bizga nomzodlarni xususiy shaxslar yoki biznes tuzilmalari tomonidan moliyalashtirishni taklif qilingan edi. Lekin bu borada bizning o‘z fikrimiz bor — bizda odamlar va plyuralizm kurashi, pul va kapital kurashi emas. Aynan shu sababli, barcha saylov jarayonlari davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Biz barcha partiyalar va barcha nomzodlar uchun teng miqdorda mablag‘ ajaratamiz, va shu bilan ularga teng imkoniyatlar beramiz.

Oliy Majlisga nomzodlar uchun — 10,6 million, viloyat nomzodlariga — 2 million va tuman nomzodlariga — 1 million so‘mdan. Respublika bo‘yicha bizda jami 35 ming nafar nomzod bor.

Xalqaro standartlarga mos saylovlar o‘tkazish uchun qanday ishlar qilinmoqda?

Men boya aytganimdek, birinchi navbatda bu yangi qonun. Biz milliy normativ-huquqiy asosni umumjahon talablari va tendensiyalariga muvofiqlashtirdik.

Buning yaqqol misoli — parlamentda kvotalar bekor qilinishi. Oldin Ekologik partiya uchun kvota mavjud edi. Endi ular Qonunchilik palatasidagi o‘rinlar uchun barcha bilan barobar kurashadi. Quyi palata faqat saylovchilar tomonidan aniqlanadi.

Ekologlar saylovda ilk bor ishtirok etmoqda. Ular buni qandy uddalamoqda?

Ha, ular bu ishda pionerlar. Oldin ular uchun 15 ta kafolatlangan o‘rin bor edi. Endi esa ushbu amaliyot bekor qilingan. Ular o‘z joylarini yo‘qotishlari yoki aksincha ko‘paytirishlari ham mumkin. Bu ochiq kurash bo‘ladi. Ular qanday natijaga erishishi bizga ham qiziq.

Sizningcha bugungi kunda O‘zbekistonda o‘rtacha saylovchi qanday ko‘rinishga ega? So‘nggi yillarda u o‘zgardimi?

Albatta, elektorat o‘zgargan. Birinchi navbatda bu respublikada olib borilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Ochiqlik, OAVga berilgan erkinlik ham bu borada o‘z vazifasini bajardi. Bugungi kunda har bir fuqaro deputatlar, senatorlar va vazirliklar oldida muayyan masalalarni qo‘yib ularni hal qilishni talab qilimoqda. Bugun fuqarolar kelajak ularga bog‘liq ekanini yaxshi tushunmoqda. Ushbu saylovlarda saylovchilar faol bo‘lishiga ishonchim komil.

Aytmoqchi, Jamoat fikrini o‘rgani fondi tomonidan noyabrda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, 90 foiz aholi saylovda ishtirok etishga tayyor. Sentyabr oyida ushbu ko‘rsatgich 82 foizni tashkil qilgan edi. Albatta bunday o‘zgarish bizni faqat xursand qiladi. Amalda qanday bo‘lishini ko‘ramiz, lekin men fuqarolarning faol ishtirok etadi deb umid qilmoqdaman.

18-noyabrda saylovoldi kampaniyasi rasman boshlangan edi. MSK ushbu jarayonni qanday tashkillashtirgan, partiyalarga targ‘ibot shakllari haqida qanchalik to‘liq ma’lumot berilgan?

Biz o‘z tomonimizdan qilishimiz kerak bo‘lgan hamma ishlarni bajardik: barchaga bir xil efir vaqti, targ‘ibot uchun mablag‘, OAV bilan muloqot qilish imkoniyati ajratdik. Shuningdek, siyosiy kurash olib borishning umumiy prinsiplarini tushuntirdik. Endi partiyalar targ‘ibotga kirishdi. Ularning har birida o‘z qarashlari, o‘z ish tutish uslublari bor. MSK ishtirokchilarning qoidalarga rioya qilish jarayonni kuzatib turibdi xolos.

Odatda axborot maydonida unchalik faol bo‘lmagan partiyalar hozir ancha faollashgan. Sizningcha ushbu nomutanosiblikni nima bilan tushuntirish mumkin?

Menimcha, bu holat butun dunyoda shunday. Hozir partiyalar faol ravishda ovozlar uchun kurashmoqda. Ular saylovchilar diqqatini o‘zlariga faol jalb qilishga harakat qilmoqda. Boshqa vaqtda esa partiyalar orasida mafkuraviy kurash parlament ichida sodir bo‘ladi. Shuning uchun ham buni oddiy saylovchi ko‘rmaydi.

Saylovoldi kampaniyasi davomida biror qonunbuzarlik qayd etilganmi?

Kampaniyaning faqat ikkinchi haftasi tugadi. Hozircha nomzodlar yoki OAV vakillari tomonidan yo‘l qo‘yilgan biror kamchilikni sezmadik. Lekin bizga murojaatlar doimiy ravishda kelib tushmoqda. Hozircha hammasi qonun doirasida. Biz kuzatishda davom etamiz.

Bu yil nomzodlar orasida ayollar soni 40 foizdan oshdi. Siz ushbu o‘zgarishga qanday qaraysiz? Ushbu jarayon qanchalik tabiiy? Bugungi kunda ayollar siyosatga kirishga tayyormi yoki ushbu nomzodlar faqat minimal kvotaga to‘g‘ri kelishi uchun qo‘yilgan xolosmi?

Albatta, bu ijobiy vaziyat. Ayollar ishtirokiga kelsak, bizda ayol nomzodlar uchun 2004-yildan buyon amal qilib kelayotgan 30 foizli eng kam chegara bor edi. Agar ushbu ko‘rsatgich oshgan bo‘lsa, demak partiyalar munosib nomzodlar topishga muvaffaq bo‘lgan va ushbu nomzodlar parlamentdagi joy uchun boshqalar bilan baravar kurashishga tayyor.

Davlat organlari va parlamentda ayollarmning borligi qonunchilikda ayol va erkaklar manfaatlarini hisobga olish uchun xizmat qiladi. Yangi qonunlarni ishlab chiqishda ayollar va bolalar manfaatlari to‘liq va aniq hisobga olinadi. Ayollarning hukumatga kelishiga naqadar faol harakat qilsak, jamiyatda ayollar bilan bog‘liq muammolar shunchalik tez hal bo‘ladi.

Bu yaqinda qabul qilingan genderlar tengligi va ayollarni maishiy zo‘ravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunlar bilan bog‘liqmi?

Ushbbu ikki juda muhim qonuniy aktlar, ayol deputatlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan edi. Lekin bu ayol deputatlarni faqat qonunchilik sohasida ko‘rish kerak degani emas. Ayollar bugungi kunda ma’naviy tarbiya, tadyubirkorlik va iqtisodiy islohotlar sohasida ham ko‘plab tashabbuslar bilan chiqmoqda.

Men ayollar va erkaklar gender tengligi haqidagi qonunni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayman. Undan tashqari men ushbu qoidaga nafaqat ishda, balki uyda ham amal qilaman. Bizning oilada to‘liq teng huquqlilik.

O‘zbekistonda elektron ovoz berish istiqbollari qanday?

Elektron ovoz berish, bu umumjahon trendi. Undan ayrim mamlakatlarda saylovga odam kam kelishini oldini olish chorasi sifatida ham foydalaniladi. Albatta, fuqarolar uchun saylov komissiyasiga kelib vaqt ketkazishdan ko‘ra, masofadan turib ovoz berish anchagina qulay.

Lekin ushbu texnologiyaning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor. Masalan, yashirin ovoz berish, saylov natijalarini qalbakilashtirish, axborot xavfsizligi muammolari. Ushbu tizimni kiritishda ularni hisobga olish kerak. Biz O‘zbekistonda elektron ovoz berish tizimini bosqichma-bosqich kiritishga kelishib oldik.

Ushbu yo‘lni biz saylovchilar yagona ro‘yxati tuzishdan boshladik. Biz shuningdek aholini ogohlantirish uchun zamonaviy texnologiyalardan ham faol foydalanmoqdamiz. Buning uchun biz fuqrolarga qonunchilik normalari haqida ma’lumot beruvchi maxsus mobil ilova ishga tushirdik. Elektron ovoz berish tizimini bosqichma-bosqich ishga tushiramiz.

Oldinda turgan saylovlar shaffofligini qanday texnologiyalar yordamida ta’minlashni rejalashtirmoqdasizlar?

Bu borada asosiy vazifa kuzatuvchilarga yuklanadi. Bizda beshta siyosiy partiya bor. Har bir saylov uchastkasida har bir partiyadan bir nafar vakil va OAV vakili bo‘ladi. Bunday kuchli nazorat ostida biror nimani soxtalashtirishning iloji bo‘lmasa kerak. Menimcha, bu saylov jarayoni va natijalarini hisobga olishning eng samarali uslubi bo‘lsa kerak.

Undan tashqari, dastlabki loyiha sifatida biz 60 ta saylov uchastkasida onlayn translyatsiya uchun 120 ta kamera o‘rnatamiz. Ular vaziyatni xalqaro press-sentrga ko‘rsatib turadi. Videotasvir soat 08:00 dan 20:00 ga qadar real vaqt rejimida olib boriladi. Kuzatuvchilar ayni damda saylov uchastkalarida nima bo‘layotganini ko‘rib turadi.