“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
20:14, 29.11.2019 45670

“O‘zbekiston fuqaroligini olsam, mendan baxtli odam bo‘lmasdi”. Konduktor ayol hikoyasi

“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni o‘n besh yildan buyon Toshkentda konduktorlik qilib kelayotgan ayol.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Nozima. Yoshim 47 da. Asli kasbim iqtisodchi. Tojikistonda iqtisodiyot bo‘yicha o‘qiganman. Biroq diplomim O‘zbekistonga o‘tmagani uchun Toshkentdagi avtosaroylardan biriga chiptachi bo‘lib ishga kirganman. Mana o‘n besh yildan buyon avtobusda konduktor bo‘lib ishlab kelyapman.

Suhbatning audio shaklini “Daryo”ning YouTube’dagi kanalida ko‘rishingiz mumkin.

O‘tgan hayotimni batafsil hikoya qiladigan bo‘lsam, asli tojikistonlikmiz. Onam opam ikkimizni bir o‘zi katta qilgan. Onam kuchli huquqshunos edi. Davlat organlarida katta-katta lavozimlarda ishlagan. Lekin mustaqillik yillarida ma’lum bir sabablarga ko‘ra oilamiz bilan Toshkentga ko‘chib kelganmiz.

Onam ro‘zg‘or tebratish uchun konduktor bo‘lib ishga kirgan. Keyin meni ham yoniga ishga chaqirgan. Bir muddat o‘tib turmushga chiqdim. Xo‘jayinim ham avtobus haydovchisi edi. Adashmasam, 5—6 yilcha birga ishladik. Keyin nafaqaga chiqdi. Men esa o‘z joyimda qoldim.

Kun tartibim

Har kuni soat 3:00 da uyg‘onaman. 4:00 larda avtosaroy mashinasi bizni olib ketadi. 4:30 larda ishxonaga borib chiptalarni olamiz, shifokorlar ko‘rigidan o‘tamiz. Soat 5:00 da birinchi grafik bo‘yicha ishga chiqib ketamiz. Shu bilan soat 9:00-10:00 gacha ishlaymiz.

Ishim haqida

Grafik asosida ishlaymiz. Masalan, bir kun ishlab, bir kun dam olamiz. Yoki uch kun ishlab, keyingi kun ishga chiqmasligimiz mumkin. Oyiga belgilangan soatni to‘plasak bo‘ldi. Biz ham haydovchilarga o‘xshab reja topshiramiz. Misol uchun, o‘tgan oyniki 172 soat edi. Noyabr uchun esa 174 soat berilgan. Bir kun ishlashimiz 14 soatga hisoblanadi. Belgilangan soatni yig‘olmasak, oylik yaxshi chiqmaydi.

Avvallari iloji boricha har kun ishlashga harakat qilardim. Lekin doim tik oyoqda ishlaganimiz uchun yoshim o‘tgani sayin charchab qolyapman.  Oyligim 1 million atrofida chiqib turibdi.

Foto: “Daryo”

Odamlarning gaplariga e’tibor bermayman

Birinchi ish boshlagan paytlarim yo‘lovchilarning muomalasidan qattiq xafa bo‘lardim. Shunda turmush o‘rtog‘im “xafa bo‘lmang, hayotda har xil odam bor, ko‘nglingizga olmaslikni o‘rganing”, deb ko‘p tushuntirgan. Sekin-sekin hammasiga ko‘nikkanman.

Haqiqatan ham odamlar avtobusga har xil kayfiyatda chiqadi. Kimdir janjallashgan, kimningdir muammosi bor. Ba’zilarga bitta gap kam, ikkitasi ortiq. Kelishmovchilik bo‘lishi tabiiy.

Masalan, yoshlar katta insonlarga joy bermasa, turinglar, joy beringlar deyman. Bilaman, ba’zilariga yoqmaydi. Lekin ota-onangiz avtobusda shunaqa charchab, tik oyoqda ketishi xohlaysizmi, deb yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qilaman.

Men bilan qattiq tortishganlar ham, uzr so‘raganlar ham bo‘lgan. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hech narsaga parvo qilmayman, ko‘nglimga olmayman.

Iloji boricha shunaqa vaziyatlarda urishmaslikka, tortishmaslikka harakat qilaman. Mendan o‘tgan bo‘lsa uzr, deyman.

Insonlarga yaxshi muomala yoqadi. Hurmat qilib yaxshi gapirsangiz, u ham sizga shunday munosabatda bo‘ladi. Yoshi kattami, kichikmi farqi yo‘q. Kim avtobusga chiqsa, kulib gapiraman. Keyin ular ham kulib gapiradi.

Kasbimni yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri, odamlar bilan ishlash qiyin, lekin menga yoqadi. Hatto 2—3 yil oldin bir inson portalga menga atab minnatdorlik xati yuborgan.

Ancha yil oldin boshqa yo‘nalishda ishlardim. Ko‘cha-ko‘yda yurganimda ba’zi yo‘lovchilar meni tanib, nega ko‘rinmayotganimni so‘raydi. Boshqa yo‘nalishga o‘tib ketdim deb aytaman.

Yozda ishlash qiyin bo‘ladi

Har bir avtobusning kunlik rejasi bor. Masalan, hafta boshida 660 ming topshirishimiz kerak. Dam olish kunlari “plan” kamroq qo‘yiladi.

Ochig‘i, yozda ishlash qiyin bo‘ladi. Chunki hamma ta’tilga chiqadi yoki issiqda ishlamay dam oladi. Shuning uchun yozda planni bajarolmasdan qiynalamiz.

Belgilangan “plan”dan ortiqroq pul tushsa, masalan, 30 ming ortsa, haydovchi menga 10 ming berib, o‘ziga 20 ming olishi mumkin. U ham mashinaning “rasxod”idan ortmaydi.

Foto: “Daryo”

Oilam haqida

Bir o‘g‘il, bir qizim bor. O‘g‘lim turizm kollejini bitirib, Toshkentdagi katta bir mehmonxonada ishlayapti. Nasib qilsa, bahorda uylantiramiz. Qizim esa yaqinda maktabni bitiradi. Xorijiy tillarni yaxshi biladi. Kelajakda tarjimon bo‘lmoqchi.

Farzandlarim kim bo‘lishidan qat’i nazar odamlarga mehribon, yaxshi insonlar bo‘lib voyaga yetsin. Hayotda yo‘lini topib, bizga rahmatlar olib keladigan insonlar bo‘lsin.

O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishni istayman...

20 yildan buyon O‘zbekistonda ruxsatnoma bilan yashab kelaman. Birinchi niyatim O‘zbekiston fuqaroligini olish. Mana yaqinda saylov bo‘ladi. Lekin boshqalar qatori ovoz berolmayman. Chunki na tojikistonlikman, na o‘zbekistonlik... Neytral odamman. O‘zbekiston fuqaroligini olishni juda xohlayman, lekin... ololmasam-chi, degan hadik bilan topshirishga ikkilanib turibman.

Axir shuncha yashab, shuncha hujjat tayyorlab topshirsam-u, berishmasa odamga alam qiladi-da. Lekin Yangi yildan keyin bir harakat qilib ko‘rmoqchiman. O‘zbekiston pasportini olsam, mendan baxtli odam bo‘lmasdi...

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar