“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni olti yildan buyon modellik qilayotgan qiz.

Nigina Ro‘ziboyeva Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozir 22 yoshda. Jismoniy tarbiya institutini tamomlagan. Olti yildan buyon modellik faoliyatini olib boradi. Ayni paytda professional modellarni tayyorlash xalqaro agentligida ishlayapti.

Sportdan modellikkacha...

Onam menga homilador bo‘lganlarida rahmatli dadam Xudo xohlasa qizim tug‘ilsa, kelajakda model bo‘ladi deb niyat qilgan ekanlar. Farishtalar omin deganmi bilmayman, mana bugun shu sohadaman.

Foto: “Daryo”

Bolaligimda kiyim kiyish, pardoz qilish juda yoqardi. Uyga mehmon kelsa, oldiga har xil kiyinib, yasanib chiqardim. Kiyimlarim tugab qolsa, dastimdan onamning ko‘ylaklari ham qolmasdi. Ularni o‘zimga moslab,  qirqib, fasonlar yaratardim. Lekin keyinchalik sport bilan shug‘ullanishni boshladim.  Taekvondo WTF bo‘yicha ko‘plab yutuqlarga erishdim. “Sport ustasi” bo‘lishim mumkin edi. Ammo urishaverib o‘g‘il bola sifat bo‘lib ketgandim.

16 yoshimda ammam modellarni tayyorlaydigan agentlikka olib bordilar. O‘sha payt kasting bo‘layotgan ekan. Qizlar ko‘p, savol bersa nima deyman, deb qo‘rqib turishardi. Menda esa, tabiiyki, hayajon yo‘q edi. O‘tsam o‘tdim, o‘tmasam ham hech narsa yo‘qotmasdim. Savol-javob qilishdi. Bo‘y-bastimni o‘lchashdi. Bir haftadan keyin qo‘ng‘iroq qilib, sinovdan o‘tganimni aytishdi.

Boshida poshnali tuflida yurish, bo‘yanish umuman yoqmasdi...

Boshida juda qiynalganman. Musobaqalar, mashg‘ulotlar, yana qo‘shimchasiga modellikka ham o‘qirdim. Yengil, qulay oyoq kiyimlariga o‘rganib qolganimga poshnali tuflilarda yurish, ayniqsa bo‘yanish umuman yoqmasdi. Xohlamasdim. Lekin qiziqishim sabab hammasiga ko‘nikdim. Men hayotda hamisha birinchi bo‘lishga intilganman... Modellikda ham eng zo‘ri, eng oldi bo‘lish uchun tinimsiz harakat qildim.

Har kuni uyga kelib, faqat Fashion TV kanalini ko‘rardim. Modellardan o‘rganib, taqlid qilib yurardim. Xudoga shukr, o‘ylagan barcha niyatlarimga erishdim.

Maktabni bitirib, bir muddat model bo‘lib ishladim. Katta-katta moda haftaliklarida qatnashdim. Tanildim. Keyinchalik xalqaro agentlikka direktor bo‘ldim.

20 yoshimda model bo‘lish sirlari haqida “Posobiye dlya modeley Promodel Agency” nomli kitobim chiqdi. Hozir o‘sha kitobdan hamma agenliklar foydalanyapti.

Foto: “Daryo”

Instagramdagi soxta modellar

Instagramga kirsangiz, hamma o‘zicha model. Sahifasiga katta qilib yozib qo‘ygan. Obunachilari ko‘p. Lekin aslida model o‘zi kimligini bilishmaydi. Bizga juda ko‘p qizlar keladi. “Men modelman!” deb kerilib gapiradi. Xo‘p, model o‘zi kim, u nima ish qiladi desangiz, tayinli javob berolmaydi.

Modellik faqat rasmga tushib, jurnal muqovalarida chiqish degani emas. U – tabiiy maneken. Dizayner yaratgan libosni chiroyli qilib ko‘rsatib berishi kerak. Bu shunday kiyim kiyib, qo‘lni belga qo‘yib, bir aylanib kelish emas. Yurishning ham o‘z texnikasi, qonun-qoidalari bor. Agar o‘sha Instagram’dagi modellarni professionallar bilan solishtirsangiz, o‘zini tutishi, gap-so‘zi, muomalasidan tezda sezilib qoladi.

Bir kuni syomka uchun pardozchining oldiga bordim. Model deb yana bir qizni chaqirishibdi. Ko‘rib, modelmasligini bittada sezdim. Sababi, Toshkentdagi hamma modelni yaxshi bilaman. Keyin o‘zini tutishidan, gapirishidan aldayotgani bilindi. “Voy, o‘timni nima qildingiz, e, bo‘timni buzib qo‘ydingiz”, deb o‘zini olyapti. To‘g‘ri, menga ham pardozchining ishi yoqmadi. Lekin har bir stilist sizni boshqacha ko‘radi. O‘zgartirishi tabiiy, bu sizga yoqmasligi mumkin, ammo norozilikni urishib, jerkib emas, chiroyli muomala bilan aytsa bo‘ladi. Axir o‘qimagandan keyin buni qayerdan bilardi? Haqiqiy professional model tarbiyali bo‘ladi.

Model bo‘lish shartlari

Modellikka qizlar asosan 16 yoshdan qabul qilinadi. Bo‘yi 170 santimetrdan baland, qomati esa 90/60/90 bo‘lishi kerak. Biz har oy modellarimizning vaznini o‘lchardik. Semirgan bo‘lsa, bir oy vaqt beriladi. Shu muddatda ozmasa, u bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. Ammo hozir shunday maktablar bor, ularga qizlarning farqi yo‘q. Semizmi, bo‘yi pastmi ahamiyatisiz. Hatto 145 santimetr bo‘yli qizni ham olishganini ko‘rganman. O‘qitamiz deb aldab, pulini oladi, bo‘ldi.

Bolalar esa modellikka 6 yoshdan olinadi. Eng qizig‘i, ularda kattalardan nisbatan o‘ziga ishonch baland. Hozir o‘quvchilarim mashhur ichimliklar, dori vositalarining yuziga aylangan. Kliplarda chiqishadi. Xullas, modellikda hammasi o‘z o‘rnini topib ketdi.

Foto: “Daryo”

Modellikda chiroy qanchalik muhim?

Bilasizmi, dunyoda xunuk qizlar yo‘q, balki o‘ziga ishonmaydiganlar bor. Bugun qizlarning eng katta muamosi shu! Misol uchun, kim bilandir suratga tushsangiz, chiroyli chiqdimmikan deb birinchi o‘zingizga qaraysiz. Mana bu o‘ziga ishonmaslik. Maktabimizga ham tortinchoq, uyaladigan qizlar ko‘p keladi. Biz ular bilan ishlab, o‘rgatib, zo‘r modellar qilib yetishtirganmiz.

Yuz kamerada boshqacha ko‘rinadi. Rasmga tushayotib, bir tomon chiroyli, ikkinchi tomon esa ko‘ngildagidek chiqmasligi mumkin. Sochingizni orqaga qilsangiz boshqacha, oldinga tashlasangiz, umuman boshqacha qiyofa bo‘ladi. Bu yerda qo‘l harakatlari katta rol o‘ynaydi. Xullas, chiroyli suratga tushishni sirlari ko‘p. Fotomodellarga eng birinchi shuni o‘rgatardik.

Model odamlarni o‘ziga jalb qila olishi kerak

O‘zbekistonda modellarni tayyorladigan maxsus maktablar, agentliklar bor. Hammasining o‘qitish uslubi, muddati har xil. Masalan, men uch oy o‘qiganman. Ikki yilcha oldin o‘qish narxi 1 million edi.

Biz kurs davomida har bir qiz bilan alohida ishlardik. Podiumda qanday yurish, o‘zini tutish, kiyinishdan tortib, to psixologiyagacha o‘rgatardik. Chunki professional model odamlar bilan chiroyli muloqot qilishni, har qanday vaziyatda ham o‘zini tutishni, eng muhimi, odamlarni o‘ziga jalb qilishni bilishi kerak.

Kasbimizda eng keragi shu. Shunday qizlar bor edi, qancha tavsiya qilsak ham dizaynerlar “yo‘q, menga bu yoqmadi, ishlamayman”, deb ketardi. Qizlar esa bilmay “nega meni chiqarmayapsiz?” deb shikoyat qilardi. Ularni yana ofisga chaqirib, qayta o‘qitardik. O‘rgatardik. Keyin dizaynerlar tanlab olardi.

Foto: “Daryo”

Aldangan model

Modellik maktabini bitirgandan keyin qizlar bilan xohlasa olti oy, bir yil yo ikki yilga shartnoma tuziladi.

Eng muhim shartlardan biri — modellar belgilangan muddat davomida faqat biz bilan ishlaydi. Aytgan loyihalarimizda qatnashadi. Ruxsatimizsiz suratlarga, syomkalarga borishi mumkin emas. Bir marta shunday holat bo‘lgan. Modelimiz bizga bildirmay fotosessiyada qatnashgan. Fotograf uning rasmlarini Photoshop’da yalang‘och qilib tashlagan. Men ko‘rsam Photoshop’ligini bilaman, ammo qolganlar-chi? Hamma ham buning farqiga bormaydi. Oldimga yig‘lab kelganida bu kimning aybi, shartnomani buzdingmi, endi o‘zing hal qil deb aytganman.

Daromad esa 60/40. Pulning ko‘p qismini, ya’ni 60 foizini agentlik oladi. Nega unday deyishishingiz mumkin. Birinchidan, “kliyent”larni o‘zi topadi. Ikkinchidan, barcha majburiyatlarni, yugur-yugurlarni o‘z zimmasiga oladi.  Agentliklar o‘rtada tursa, modelni hech kim aldab ketmaydi. Qo‘pol, ortiqcha muomala qilolmaydi. Agentlik sizni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaydi.

Modellar qancha pul topadi?

Syomkasiga, “kliyent”ga va albatta ishlayotgan soatiga qarab pul oladi. Masalan, oddiy trikotaj kiyimlarning ikki soatlik fotosessiyasi 200 mingdan 400 mingacha. Brend kiyimlarniki esa qimmatroq. Klipdan ko‘proq pul topish mumkin. Oddiy qiz bo‘lsa, klipda chiqqaniga xursand bo‘lib, 100 minga ham rozi bo‘lib ketaveradi.

Odam o‘z qadrini bilishi kerak. Mehnat qilyapsizmi, ishingizni chin dildan bajaryapsizmi, shunga yarasha pul oling.

Professional model qimmat va qadrli bo‘ladi

Har yili fashion show ko‘rgazmasi o‘tkazilardi. Modellarim bilan borsak, hammaning nigohi bizda, tashkilotchilarning ham muomalasi boshqacha bo‘lardi. Masalan, biz alohida kiyinardik, podiumga ham birinchi bo‘lib chiqardik. Bir xil mehnat, bir xil vaqt, lekin oladigan pulda ham katta farq bor edi. Masalan, ular 100 ming, biz 450 ming so‘m olardik.

Bunga boshqa modellarni g‘ayirligi kelib, nimaga odam ajratyapsizlar, deb gapirishardi. Shunda tashkilotchilar ham, men ham bu sohada o‘qiganmisan, deb savol berardik. Jim bo‘lib qolishardi.

O‘qigan odam professional bo‘ladi va hamisha qimmat yuradi

Foto: “Daryo”

Yolg‘iz ishlaydiganlar ham bor

Maktabimizni tugatib, biz bilan shartnoma tuzmay, o‘zi ishlaydiganlar ham bor. Agentlikdan olgan portfoliolarini, rasmlarini Instagram’ga qo‘yib, odam yig‘adi. O‘zi “zakaz” oladi. Qattiq ishlab, ko‘rgazmalarda har doim qatnashsa, kuniga 250 ming — 300 ming, haftasiga taxminan 2 million topishi mumkin. Agentlikka pul bermagani uchun hamma pul yoniga qoladi. Yolg‘iz ishlashning bir yomon tomoni, unga har xil munosabat bo‘ladi. Repetitsiyalarda dizaynerlar baqirishi, qo‘pol gapirishi mumkin. Agentlikdagi modellarga esa hech narsa deyolmaydi. Tashkilot ularni himoya qiladi.

Modellar boy odamlarning jazmanimi?

Odamlar orasida modellar boylar bilan yuradi degan gap-so‘zlar yuradi. Hammasi emas, lekin shunday hamkasblarimiz bor, afsuski, ular ko‘p. Turli kechalarga, tadbirlarga puldor, obro‘li insonlar rafiqalari bilan taklif etiladi. Lekin ular o‘z ayollari bilan emas, balki modellar bilan boradi.

Shunday agentliklar bor, o‘qitayotgan yosh qizlarini aldab, puldorlarga sotadi. “Anavi odam bilan shu joyga borgin, birga o‘tirgin, senga pul beradi”, deb yuboradi. Yosh qiz nima qilayotganini bilmaydi, anglamaydi. Boraveradi...

Restoranlarga borganimda boyvachcha kishilar bilan o‘tirgan modellarni ko‘p ko‘rardim. Meni ko‘rib bekinishardi. Afsuski, bilib turib, manfaat uchun qiladiganlar ham bor...

Foto: “Daryo”

Birinchidan, hech qanday mehnatsiz pul topadi. Tekin ovqat yeydi. Dasturxonini rasmga olib, Instagram’da maqtanib qo‘yadi. O‘sha yerdan yana birotasini topadi... Xullas, arzimas xoy-u havas ortidan hayotini barbod qiladi.

Lekin bu modellarning hammasi  yengiltak degani emas. Bilasizmi, ofisga “sotiladigan qizlar bormi, nech pul turadi?” deb telefon qilishardi. Yomon jahlim chiqardi, odamlar o‘zini kim deb o‘ylaydi, bilmayman.

Foto: “Daryo”

Modellarimizning tarbiyasiga qattiq turardik. Qanaqa kiyimda yuribdi, qanday mashinada kelib ketyapti, hammasini nazorat qilardik. Hatto akasi kelsa ham ofisga kirgizmas edik.

“Yengilroq” qizlarimiz ham bo‘lgan. Ayrimlari fotograflar bilan tanishib, gaplashib ketardi. Ularni o‘ylab o‘tirmay haydab yuborardik. Oyisi kelib, men bilan urishib, birovning hayotiga aralashishga nima haqqing bor deb janjallashardi. Mayli tashqarida nima qilsa qilsin, lekin bu yerda u bizning yuzimiz, deb to‘g‘ri tushuntirganman.

Bilasizmi, modellikka kimdir qiziqish tufayli, kimdir aniq maqsad bilan keladi. Lekin bu yerga kelsam, tezda erga tegib ketaman yoki qandaydir boy odam meni ko‘rib sevib qoladi, degan niyatda kelganlar ham bor. Undaylarni o‘qitganman ham. Bizga ko‘p muammo olib kelishgan. Keyinchalik kastingga kelgan qizlar bilan yaxshilab gaplashib, maqsadini bilib, keyin qabul qilishni boshladim. Birinchi o‘rinda qiz bola bo‘lmasa olmasdik...

Qizni ota-onasining o‘zi olib kelsa, rosa xursand bo‘lardim. Uydagilarga aytmay kelgan qizlarni “bor, ota-onangni olib kel” deb qaytarvorardim. Har ish ota-ona roziligi bilan bo‘lgani yaxshi.

Foto: “Daryo”

7 yoshimda dadam dunyodan o‘tgan. Shundan beri onam menga ham ota, ham ona bo‘ldi. Meni hamisha qo‘llab-quvvatladi. Modellikka qadam qo‘yayotib, onamning yuzini hech qachon yerga qaratmayman deb oldimga maqsad qo‘yganman. Xudoga shukr, kam bo‘lmadim. Qizlar ota-onasining, oilasining yuzi ekanligini unutmasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Bilasizmi, eng faxrlanadiganim, meni o‘qitgan modellarning hech biri yomon nom chiqarmadi. Pul uchun kim bilandir ovqatlanib o‘tirganlarini, har xil yomon ish qilganlarini ko‘rmadim. Xudoga shukr, mehnatlarimiz zoye ketmadi.

Modellikning qiyinchiliklari

Go‘zal qaddi-qomat chiroyli yuzning ortida anchagina mashaqqat yotadi. Ko‘p narsani qurbon qilasiz... Podiumda qatnashayotgan bo‘lsangiz, ertalabdan kechgacha repetitsiya qilaverasiz. Oyoqlar og‘riydi. Har kunlik turmak deb sochingiz to‘kiladi. Men ko‘z nurimni yo‘qotganman. Bundan tashqari, 16 yoshimda bo‘yim 176 santimetr edi Hozir 172 santimetr; poshnada yuraverib, bo‘yingiz cho‘kadi.

Doim o‘z qomatingizni saqlab turishingiz kerak. Bir kuni repetitsiyada model oldimda xushidan ketib qoldi. Ozish uchun ikki kundan beri ovqat yemayotgan ekan. Doim modellarimga aytaman: ozish uchun ovqat yemasdan o‘zini qiynash kerakmas. Shunchaki sport bilan shug‘ullanib, ertalab turib yugurish kerak, bo‘ldi, ortiqcha pul sarflab sport zallariga borish ham shart emas.

Modelning shaxsiy hayoti bo‘lmaydi

Uning xayoli faqat podiumlarga chiqish, fotosessiya, syomkalarda bo‘ladi. Karyera degan joyda esa oilaga o‘rin yo‘q. Modellik paytimda ko‘rgazmalar, konsert, uyoqdan buyoqqa yugurib yurardim. 4—5 soat uxlashga vaqtim bo‘lardi xolos. Ishimni juda yaxshi ko‘rganim uchun boshqa narsa qiziqtirmasdi.

Modellikda o‘rtoqchilik bo‘lmaydi. Kastingda dugonangizni emas, sizni tanlashdimi, tamom, sizdan alamini olmaguncha qo‘ymas ekan. Moda namoyishida kimdir tuflimga shisha siniqlarini solib qo‘ygan. Bilmay kiyib olib, yurolmay qolganman. Bu yoqda dizayner yurmaysanmi deb baqirardi. O‘sha vaqt podiumga chiqqanman. Meni deb dizaynerning bir yillik mehnati yo‘qqa chiqmasligi kerak edi.

O‘shanda kimga nima qildim, qayerda xato qildim deb qattiq xafa bo‘lganman. Ulg‘ayib tushundimki, yomonlik qilishlari uchun birovga nimadir qilishingiz shart emas ekan...

Rahbarligimda do‘stlarim ko‘p edi. Onam “shu o‘rtog‘ing menga yoqmaydi-da, birga yurma” derdi. Yo‘q, u yaxshi qiz, siz noto‘g‘ri gapiryapsiz deb tortishardim. Lekin ishdan ketganimdan keyin... Ortimdan har xil gaplar, ig‘volar chiqarib, hammasi asl yuzini ko‘rsatdi. Borib tavbasiga tayantirib kelgim keladi, lekin vaqtida ularga ko‘nglimdan joy berganman, dardlarimni aytganman... Indamay qo‘ya qoldim. Hozir esa do‘stlarim barmoq bilan sanarli.

Foto: “Daryo”

Ulg‘ayganingiz sari gap-so‘zlardan zerikarkansiz

Instagram’da 14 mingdan ortiq folloverim bor edi. Boshida “xayrli tong”, “chiroylisiz”, “uchrashaylik” deb yozadi. Yozmasangiz, ertasiga so‘kishni boshlaydi. “Sizga nima qildim, nega so‘kyapsiz?” deb so‘rasangiz, “nimaga menga yozmayapsan” deydi. “Nimaga sen bilan gaplashishim kerak?” deb jahlim chiqib ketadi. “Nega unda Instagram’ga rasm qo‘yding?” deb aytadi. Iye, kechirasiz, qiz bola Instagram’ga kirgani, rasm qo‘ygani siz bilan gaplashadi degani emas. Nega odamlar o‘ylamaydi, mulohaza qilmaydi? Oxiri chidolmadim, Instagram’imni o‘chirib yubordim.

Otasizlik qandayligini juda yaxshi bilaman

Mentalitetimizga hech tushunmayman. Odamlar 22 yoshga kirding, nega erga tegmayapsan, tinchlikmi deb gapirishadi. Ularga nima? Nega birovni hayotiga aralashaverishadi.

Kim oila qurgisi, baxtli bo‘lgisi kelmaydi? Men ham boshqa qizlar qatori bir oilaning bekasi, suyukli yor bo‘lishni xohlayman. Biroq shoshilganim yo‘q. So‘rab-surishtirib, gaplashib, bilib, keyin oila qurish tarafdoriman. Sababi, qancha tanishlarim bitta uchrashuvdan keyin erga tegib, bolasi bilan ajrashib ketyapti. Hozir bolalarga qarasangiz, yo onasi yo‘q, yoki otasi. Otasizlik qandayligini juda yaxshi bilaman. Farzandlarim mening ko‘yimga tushishlarini xohlamayman.

Uyga sovchilar ko‘p keladi, chiqib uchrashgim kelmaydi. Aksariyati tagida mashina, qo‘lida jarag‘-jarag‘ pul otasini davrida davronini surib yuribdi. Lekin ertaga-chi, erga tekkanimdan keyin biror nima bo‘lsa, uni men boqamanmi?

Xudo xohlasa hayotimda kuchli, aqlli va meni sevib ardoqlaydigan insonni uchratsam, albatta oila quraman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.