Qashqadaryoda aholi muammosini hududlarga chiqib o‘rganuvchi avtobus faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qilmoqda.
Ahror Sodiqovga ko‘ra, viloyat hokimligi tarkibida tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, avtobusda tumanlar aholisi muammolarini tinglaydi hamda hal etadi.
— Hokim viloyatdagi mavjud muammolar haqida batafsil bilish maqsadida o‘zi sayyor qabullar uyushtirish bilan birga muammolarni o‘rganuvchi avtobus faoliyatini ham yo‘lga qo‘ydi — deydi Ahror Sodiqov. — Ishchi guruh viloyat hokimi nomidan hududlarda bo‘lib, muammo va kamchiliklarni o‘rganadi va hal etadi.
Aytilishicha, maxsus avtobus aloqa vositalari, kompyuter va ish stollari bilan jihozlangan bo‘lib, viloyat tashkiloti rahbarlarining bir joyda jam bo‘lib, ish yuritishi uchun qulay sharoitga ega bo‘ladi.
Izoh (0)