12-noyabr kuni Surxondaryo viloyati hokimligida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17—18-oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi mobaynida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yanada shakllantirish masalalari bo‘yicha topshirig‘i ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishchi yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi a’zolari ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyatidagi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yanada shakllantirish, Surxon vohasining o‘ziga xos qadriyatlarini ularga o‘rgatish, shuningdek, Termiziyning hayot yo‘li, uning ijod namunalari hamda inson ma’naviy yuksalishida o‘gitlari va falsafasini, Alpomish ruhiyati va u tomonidan jamiyatni rivojlantirishda olib borilgan ishlarning mazmun-mohiyatini, vohaning milliy qadriyatiga xos bo‘lgan baxshichilik san’atining ahamiyatini harbiy xizmatchilarga o‘rgatish masalalari yuzasidan yig‘ilish ishtirokchilarining fikr-mulohazalari tinglandi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar viloyatida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning etnomadaniy qadriyatlar asosida ma’naviy saviyasini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdilar.
Surxondaryo viloyatida harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokidagi madaniy, ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar harbiy qismlarda, viloyatning tarixiy qadamjolari va muzeylariga ekskursiyalar uyushtirish orqali hamda baxshichilik va chavandozlikni targ‘ib qilgan holda jadallik bilan olib borilmoqda.
Izoh (0)