Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi Sohib Kamolov (ism-familiya o‘zgartirildi) chet elga chiqmoqchi bo‘ldi. Biroq fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining 2016-yil 21-sentabrdagi buyrug‘iga asosan undan sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlaridan tegishli miqdorda aliment undirish belgilangandi, deb xabar bermoqda “O‘zA”.
Majburiy ijro byurosining Sariosiyo tumani bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilib, aliment qarzdorligini undirish maqsadida Sohib Kamolovning chetga chiqish huquqi vaqtincha cheklab qo‘yilgan edi.
Sohib Kamolov xorijga chiqish uchun farzandlarining voyaga yetgunga qadar bo‘lgan mablag‘i, ya’ni 156 million 662 ming so‘m pulni oldindan to‘lab berdi.
“Bu bilan S.Kamolov sud buyrug‘ini bajarib, farzandlarining voyaga yetgunicha bo‘lgan aliment pulini to‘lab berdi. Istagan vaqtida mamlakatdan xorijga chiqish huquqini ham tiklab oldi. Byuroning tuman bo‘limi mas’ul xodimlari farzandlarini oldindan moddiy ta’minlagan otaning xorij safariga oq yo‘l tiladi”, – deydi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Q.Tursunov.
Izoh (0)