Bundan 42 yil avval — 1977-yilning 6-noyabr kuni Toshkent metropolitenining dastlabki to‘qqiz stansiyasi — “Sobir Rahimov”, “Chilonzor”, “SSSRning 50 yilligi”, “Komsomollar” (“Komsomolskaya”), “Hamza”, “Xalqlar do‘stligi”, “Paxtakor”, “Lenin maydoni” va “Oktabr revolyutsiyasi” bekatlari foydalanishga topshirilgan. Bugungacha bu ro‘yxatdagi nomlardan faqat ikkitasi — “Chilonzor” va “Paxtakor” o‘zgarmagan xolos, ba’zi bekatlarning nomi esa so‘nggi 30 yil ichida bir emas, bir necha bor o‘zgardi.

“Alisher Navoiy” metro bekati.
Foto: Kamil Yenikeyev / Afisha

Toshkent metrosining “Chilonzor” va “O‘zbekiston” yo‘nalishlaridagi bekat nomlari o‘zgartirilganini qaysidir ma’noda tushunsa bo‘ladi — eski zamonning eski mafkuralariga hurmat belgisi o‘laroq qo‘yilgan aksariyat nomlar yangi zamon talablariga javob bera olmay qolgandir. Lekin Mustaqillik yillarida qurilib, foydalanishga topshirilgan “Yunusobod” yo‘lidagi bekatlarni ham “nom o‘zgartirish” epidemiyasidan asrab qolib bo‘lmaganini, kim bilsin, mamlakatda bundan bir necha yil avval kuzatilgan turg‘unlik ramzi sifatida qabul qilmoq kerakdir, balki.

“Chilonzor” yo‘nalishi

Hozirda Toshkent metrosining “Chilonzor” liniyasida 12 ta bekat ishlab turibdi, yaqin kelajakda ularning soni kamida ikkitaga ko‘payishi mumkin (mamlakat rahbariyati liniyani TTZ avtoshohbekatiga qadar olib borish niyatida). Boshqa tomondan — “Sergeli” yo‘nalishi deb aytilayotgan yangi, kamida olti bekatdan iborat yer usti metro yo‘li ham aslida “Chilonzor”ning davomi. Lekin hozir gap shu bugun ishlab turgan 12 bekat haqida.

“Novza” metro bekati.
Foto: Kamil Yenikeyev / Afisha

1977-yildan beri ulardan faqat to‘rttasining nomi o‘zgarmagan, xolos. Bular — “Chilonzor”, “Paxtakor”, “Hamid Olimjon” va “Pushkin”. “Chilonzor” bekati Chilonzor tumanining tarixan Chilonzor deb atalgan qismida joylashgan, bu joylarning nomi o‘zgarishidan darak yo‘q va o‘zgarsa ham jamoatchilik buni hazm qila olmasa kerak. “Paxtakor” haqida ham shu gap — bekatdan chiqishingiz bilan shu nomli futbol klubi o‘ynaydigan stadion qarshingizdan chiqadi (va milliarder Alisher Usmonovga ishonadigan bo‘lsak, bundan keyin ham shunday bo‘ladi).

“Hamid Olimjon” va “Pushkin” haqida esa bir narsa deyish qiyin — qandaydir o‘z nomiga loyiq emasdek. Yaqin-yaqingacha “Hamid Olimjon” bekatidan chiqqan yo‘lovchi Hamid Olimjon haykalini ko‘rardi (hozir haykal Milliy bog‘dagi Adiblar xiyobonida, Zulfiya monumenti bilan yonma-yon). “Pushkin” haqida ham shu gap — bekat sizni nomi bir asrdan ziyod Pushkin bo‘lgan ko‘chaga olib chiqardi (1899-yildan beri nomi Pushkin bo‘lgan ko‘cha 2008-yilda Mustaqillik nomini olgan), ko‘cha markazida esa Pushkinning haykali bo‘lardi (hozir u Bobur—Rustaveli chorrahasidagi xiyobonda).

“Chilonzor” yo‘lida nom o‘zgartirish bo‘yicha rekordchi bekatlar bor. Masalan, “Milliy bog‘”. U 1992-yil mayigacha “Komsomollar” deb atalgan (mantiqan to‘g‘ri — bekat xalq orasida hali ham “Komsomolskaya ozero” deb ataladigan ko‘li bor Komsomollar bog‘iga olib borgan). So‘ng “Yoshlik” nomini olgan. 2006-yil fevralida esa poyezd shu bekatga kelganida metro mashinistlari uni “Milliy bog‘” deb e’lon qila boshladi.

“Hamid Olimjon” metro bekati.
Foto: Kamil Yenikeyev / Afisha

“Amir Temur xiyoboni”ning “taqdiri” ham shunaqaroq — 1992-yil mayiga qadar “Oktabr revolyutsiyasi” deb atalgan bekat 1993-yil avgustigacha vaqtincha “Markaziy xiyobon” bo‘lib turdi, keyin hozirgi — “Amir Temur xiyoboni” nomini oldi. Bekat nomi bilan birga uning tashqi ko‘rinishi ham qisman o‘zgargan — bekat platformalari boshidagi barelyeflar (masalan, Turkistonlik 14 komissar sharafiga o‘rnatilgan haykalning barelyefi) olib tashlangan.

Umuman olganda, “Chilonzor” yo‘lida nomi eng birinchi bo‘lib o‘zgartirilgan bekat — “Mustaqillik maydoni”. U 1991-yil noyabriga qadar “Lenin maydoni” deb atalgan (chunki bekat ustidagi maydon nomi ham Mustaqillik emas, Lenin edi). 1992-yil may oyida esa “Komsomollar” va “Oktabr revolyutsiyasi” bilan birga “SSSRning 50 yilligi” stansiyasi nomi ham o‘zgargan — u hozirgacha “Mirzo Ulug‘bek” deb ataladi. 1997-yilda “Maksim Gorkiy” bekatining nomi “Buyuk Ipak yo‘li” deb, 2008-yilda “Xalqlar do‘stligi” bekatining nomi “Bunyodkor” deb, 2010-yilda “Sobir Rahimov” bekatining nomi “Olmazor” deb, 2015-yilda esa “Hamza” stansiyasining nomi “Novza” deb o‘zgartirildi. 2018-yilda “tarixiy haqiqatni qaror toptirish maqsadida”da “Bunyodkor” bekatining nomi yana “Xalqlar do‘stligi”ga qaytarildi, lekin qolgan stansiyalarga nisbatan, mabodo ularning nomi yana o‘zgarmasa, bu “tarixiy haqiqat” ortiq qo‘llanilmasa kerak.

“Buyuk Ipak yo‘li”dagi Danko.
Foto: Amos Chapple / Radio Free Europe

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. “Olmazor” bekatiga tushsangiz, mavzuli qilib bezatilgan ustunlarda avtomat ko‘targan askar, motamsaro ona siymolarini ko‘rasiz — bularning olmaga nima daxli bor? “Novza” metrosiga “Novza” masjidi tarafdan tushsangiz, negadir sizga paranji yechgan ayollar va bolalarga harf o‘rgatayotgan Hamza qarab turadi. “Buyuk Ipak yo‘li”da ham shu ahvol — bekatdan chiqib ketaverishingizda ko‘kragini quchgan odam barelyefni ko‘rasiz. “Maksim Gorkiy” nomli bekat uchun yaxshi barelyef bu, albatta — yuragini bag‘ridan sug‘urib olib, uni zulmatdagilarga chiroq qilgan Danko rus adibining mashhur qahramoni. Lekin uning Buyuk Ipak yo‘liga qanday aloqasi borligi fanga noma’lum.

“O‘zbekiston” yo‘nalishi

1984—1991-yillarda qurilib, foydalanishga topshirilgan yo‘nalishda hozircha 11 ta bekat bo‘lib, ulardan uchtasining nomi o‘zgargan (hozircha). Bular — “Kosmonavtlar”, “Mashinasozlar” va “Do‘stlik”. “Kosmonavtlar” va “Mashinasozlar” 1992-yil mayiga qadar mos ravishda “Kosmonavtlar prospekti” va “Tashselmash” deb atalgan. “Do‘stlik” esa 2012-yil oktabriga qadar taniqli rus uchuvchisi Valeriy Chkalov sharafiga “Chkalov” deb atalgan.

Ushbu yo‘nalish bekatlari navbatdagi nom o‘zgartirishlar xavfidan xolimi? Baxtga qarshi, Toshkent metropolitenining hech bir bekati bu tahdiddan xoli emas va istalgan vaqtda istalgan bekat qayta nomlanishi mumkin. Agar nomi o‘zgarishga birinchi galda da’vogar bekatlar ro‘yxati tuziladigan bo‘lsa, uning boshida “Mashinasozlar”, “O‘zbekiston” va “G‘afur G‘ulom” tursa kerak, ehtimol.

Abdulla Qodiriy parkidan “G‘afur G‘ulom” metro bekatiga tushish joyi loyiha-taklifi.
Foto: Toshkent shahar hokimligi

“Mashinasozlar”da mashinasozlikka oid deyarli hech narsa qolmagan — uni, balki, maishiy texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “milliy iftixor” sharafiga qayta nomlash kerakdir; poytaxtning markazida Siti bo‘lsa-yu, metrosida “Tashkent Siti” degan bekati bo‘lmasa — g‘alati bo‘ladi-ku; “G‘afur G‘ulom” esa xuddi “Olmazor”, “Mirzo Ulug‘bek” va “Abdulla Qodiriy” bekatlari kabi chalg‘ituvchi — “G‘afur G‘ulom” seni Toshkentning Sebzor degan dahasiga, Abdulla Qodiriy nomi bilan ataluvchi parkning shundoqqina oldiga olib chiqadi.

Xuddi shu gapni “Chilonzor” va “Yunusobod”dagi qolgan uch “chalg‘ituvchi” haqida ham aytsa bo‘ladi — “Olmazor” bekati Olmazor tumaniga emas, Chilonzorga olib boradi; “Mirzo Ulug‘bek” bekatining Mirzo Ulug‘bek tumaniga aloqasi yo‘q, u seni Chilonzordagi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ va Milliy (sobiq “Bunyodkor”) stadionga olib chiqadi; “Abdulla Qodiriy” bekati esa Abdulla Qodiriy parki va haykalidan uzoqdagi Oloy bozorida joylashgan, u faqat Abdulla Qodiriy shoh ko‘chasiga yaqin, xolos.

“Yunusobod” yo‘nalishi

“Yunusobod” yo‘lining loyihasi SSSR davridayoq tayyorlangan, shuning uchun aksariyat bekatlarning loyihaviy nomlari sovetcha edi — tojik sovet shoiri Abulqosim Lohutiy sharafiga “Lohutiy” (hozirgi “Mingo‘rik”), mehnatkashlar bayrami sharafiga “1-may” (hozirgi “Yunus Rajabiy”), rus inqilobchisi Sergey Kirov sharafiga “Kirov” (hozirgi “Minor”), hozirgi “O‘zekspomarkaz” o‘rnida bo‘lgan Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasiga olib chiquvchi “VDNX” (hozirgi “Bodomzor”). Shu bilan birga, tan olib ko‘rsatib o‘tish joizki, sovet loyihachilari hozirgi “Abdulla Qodiriy” bekatini avvalboshdan “Oloy bozori”, hozirgi “Shahriston” bekatini esa “Shahriston” deb atamoqchi bo‘lgan.

“Shahriston” bekati
Foto: Kamil Yenikeyev / Afisha

Shunday qilib, 2001-yil 24-oktabrida “Yunusobod” liniyasining dastlabki olti bekati “Mingo‘rik”, “Yunus Rajabiy”, “Abdulla Qodiriy”, “Minor”, “Bodomzor”, “Habib Abdullayev” nomlari bilan foydalanishga topshirildi. Lekin, nimadir bo‘ldi-yu, Prezident Islom Karimovning farmoni bilan o‘limidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan buyuk o‘zbek geologi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining to‘rtinchi prezidenti Habib Abdullayev nomi bilan ataluvchi bekat nomi 2015-yili “Shahriston”ga o‘zgartirildi, bekatdan olimning byusti olib tashlandi. “Yunusobod”dagi yagona va hali tushunarsiz o‘zgarishsiz shu, xolos (hozircha).

Hozirda “Yunusobod” yo‘lining davomi qurilmoqda — “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2019-yil oxirigacha “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlarini foydalanishga topshirishga va’da bergan. 2016-yilgacha “Yunusobod” yo‘nalishining “qurilayotgan bo‘lagi” sifatida metro xaritalarida ko‘rsatilgan uzuq-uzuq chiziqlar ustida “Fayzulla Xo‘jayev” nomli bekat ham bor edi, ammo 2016-yili u loyihadan chiqarib tashlandi.

“Yunusobod” liniyasida qurilayotgan yangi “Turkiston” bekati.
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yo‘nalishning janubiy qismida Janubiy vokzalga qadar to‘rtta bekat (“Bobur”, “To‘qimachi”, “Usmon Nosir”, “Janubiy”) qurilishi eski loyihalarda ham bor, biroq bu loyiha qachon amalga oshirilishi noma’lum. Lekin bir narsani hozirdan ishonch bilan aytish mumkindir balki — “Usmon Nosir”ning nomi o‘zgarsa kerak: loyihadagi stansiyalardan biriga “Usmon Nosir” nomi qo‘yilgan vaqtda bekat joylashgan shoh ko‘cha nomi ham Usmon Nosir edi — hozir esa u ko‘cha, eski zamonlarda bo‘lganidek, Shota Rustaveli deb ataladi.

Xulosa o‘rnida

Shunday qilib, hozir Toshkent metropolitenida ishlab turgan 29 stansiyadan 12 tasining — salkam yarmining nomi o‘zgargan. Bu — juda ko‘p. Ayrim stansiyalar nomi, ta’kidlanganidek, bir necha bor almashtirilgan. Bu barcha uchun ibratli bo‘lishi kerak aslida — obyektlarga imkon qadar o‘sha obyekt joylashgan hududning tarixiy nomlarini qo‘yavergan ma’qul. Mabodo biror tarixiy shaxsning ismi yoki biror tarixiy voqeaning nomini qo‘yishga qaror qilinarkan, avvalo, bu tanlov yaxshilab muhokama qilinishi maqsadga muvofiq. Toki, ertaga yana “tarixiy haqiqatni qaror toptirish”ga zarurat bo‘lmasin.

Foto: Pohanius / Livejournal

Muallif:Muhrim A’zamxo‘jayev