Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov O‘zbekistonda iqtisodiyot, madaniyat, ma’rifat, sport sohalaridagi qator muhim loyihalarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etmoqda. “O‘zbekiston 24” telekanalining “Daxldorlik tuyg‘usi” ko‘rsatuvida shu haqda so‘z boradi, deb yozadi Spot.

Foto: Spot

O‘zbekiston metallurgiya kombinati

Bu — O‘zbekistondagi yagona qora metallurgiya korxonasi. So‘nggi bir necha yildan beri kombinat stagnatsiya, turg‘unlik holatida edi. Ishlab chiqarish to‘xtab qolmagan bo‘lsa-da, rivojlanish ham yo‘q edi.

2017-yili Usmonovning ko‘magi bilan jahon miqyosidagi metallurgiya klasterlarini tashkil etish va rivojlantirish borasida tajribaga ega chet el kompaniyasi — SFI Management Group kombinatning tashqi boshqaruviga jalb etildi.

Hozirda kombinatga ilk bor issiq briketlangan temir (IBT) va quyma xomashyo tayyor holda tashqaridan keltirilmoqda — bu aynan jahon standartlariga muvofiq ishlab chiqarish imkonin beradigan omillardir. Bugunga qadar 46 million dollarlik IBT, 27,3 million dollarlik quyma xomashyo keltirildi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Aylanma mablag‘larni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha ravishda yo‘naltirilgan 50 million dollarga teng mablag‘ qisqa vaqtda metallurglar maoshini oshirishga, boshqaruvdagi qing‘ir yo‘llarni bartaraf etib, korporativ boshqaruv hamda moliyaviy menejmentning zamonaviy usullarini qo‘llash va xorijdan yetuk mutaxassislarni jalb qilishga imkon berdi.

2018-yilda metalloprokat ishlab chiqarish prognozi 1,1 million tonnaga teng. Bu SFI Management Group kompaniyasi o‘tgan yili amalga oshirgan tuzilmaviy va tashkiliy o‘zgarishlarning kichik bir qismi, xolos.

Natijada birgina iyul oyining o‘zida 99 ming tonna, yil boshidan hisoblansa — 636 ming tonna metalloprokat ishlab chiqarildi. Bu butun 2017-yil davomida ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining 87 foizi demakdir.

Suyultirilgan po‘lat eritishning oylik hajmi bo‘yicha rekord o‘rnatildi — 82,4 tonna. So‘nggi 10 yildan beri bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich 64 ming tonnadan oshmagan edi.

Umuman olganda, yil oxiriga qadar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3,5 barobarga va daromad 3,3 barobarga oshishi, davlat byudjetiga tushumlar esa 0,5 trillion so‘mdan ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.

“So‘nggi yillarda katta muammolar bor edi, kominat esa jar yoqasiga kelib qolgandi. Yangi rahbariyat kelib, yangi g‘oyalar, yangi vazifalar belgiladi. Bularning barchasi ortida mamlakat taraqqiyoti uchun kuch va mablag‘ ayamaydigan Alisher Usmonov turibdi”, — deydi kombinat ishchilaridan biri.

Xabar berishlaricha, kombinatga so‘nggi yillarda xalal bergan muammolardan biri metall chiqindilarni yig‘ish bilan bog‘liq edi. Tizimni jonlantirish yo‘lida davlat rahbariyati tomonidan qator muhim qarorlar qabul qilindi.

Ulardan biri — ikkilamchi qora metallar bo‘linmalari (“Ikkilamchi qora metallar” kompaniyasi) SFI Management Group boshqaruvidagi “O‘zmetkombinat” tarkibiga o‘tkazildi. Ayni paytda barcha mintaqaviy filiallar 10 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani holda to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

Ushbu kombinat ham SFI Management Group’ning ishonchli boshqaruviga topshirilgan. Hozirgi vaqtda jahonning turli mamlakatlaridan yetakchi mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ular ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun korxonani taftish (audit) qiladi.

Alisher Usmonov rahbarligida metallurglar, konchilar va qimmatbaho metall qazib olish sohasining yetuk olimlari ishtirokida ekspertlar guruhi tashkil etilgan.

Ular tomonidan OKMKni uzoq muddatda modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Dasturda qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish va qayta ishlashga ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dasturni tatbiq etish uchun taxminan 300 million dollarlik mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bu esa yiliga mis ishlab chiqarish hajmini 109 ming tonnadan 140 ming tonnagacha, ruh metallini ishlab chiqarishni 78 ming tonnadan 120 ming tonnagacha, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarishni qariyb ikki barobar — 845 ming tonnadan 1,6 million tonnagacha oshirish imkonini beradi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Qimmatbaho va nodir metallarni qazib olish hamda qayta ishlash avvalgi yillarga nisbatan 1,3 martaga ortadi.

Mahsulotlarni sotishdan olinadigan daromad 1,5 barobarga ortib, 12 trillion so‘mga yetadi. Davlat byudjetiga tushumlar hajmi ham 1,4 barobarga ortib, 5 trillion so‘mdan ortadi. Kombinatning sof foydasi ham 1,4 barobarga ortib, 1,6 trillion so‘mni tashkil qiladi.

Yangi konlarni, jumladan, “Yoshlik 1” (23 million tonna mis-molibden) va va “Yoshlik 2” (2 million tonna mis-molibden) konlarini o‘zlashtirish va rivojlantirish yo‘lida ayni paytda yettita istiqbolli investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Toshkent metallurgiya zavodi

Ushbu loyiha ham Usmonovning ko‘magida amalga oshirilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna sovuq zichlangan metalloprokat ishlab chiqariladi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Bu so‘nggi 10 yillikda MDH davlatlari va yaqin xorijda sovuq zichlangan metalloprokat ishlab chiqarish sohasida amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan biridir. Qurilish 2017-yil sentabrida boshlangan zavodni 2019-yil dekabrida foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Loyihaning umumiy qiymati — 286,7 million yevro bo‘lib, shundan 206,69 million yevrolik qismini xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan umumiy mahsulotning 80 foizini ichki, qolgan 20 foizi esa tashqi bozorga yo‘naltiriladi.

Boshqa loyihalar

Bundan tashqari, madaniyat, ma’rifat va sport sohalarida ham Alisher Usmonov ko‘magida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ulardan biri — Samarqand viloyatida Imom al-Buxoriy nmoidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish, ayni vaqtda Imom al-Buxoriy majmuasini to‘liq qayta rekonstruksiya qilish loyihasidir.

Alisher Usmonov hozirgacha ushbu loyiha uchun 19 million dollar miqdorida sarmoya kiritib ulgurgan.

Usmonov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasida ham qatnashmoqda. Qurilish va markazni zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun Usmonovning xayriya fondidan 2018-yilning o‘zida 68 million dollar mablag‘ ajratilgan.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Buxoroda restavratsiya ishlarini amalga oshirish ishlari uchun Alisher Usmonov 13 million dollar miqdorida mablag‘ kiritgan.

Umuman, Toshkent, Samarqand va Buxorodagi obyektlarni qurish va restavratsiya qilish uchun Alisher Usmonov 2018-yilning o‘zida 100 million dollar ajratadi.

Alisher Usmonov “Paxtakor” futbol klubini ham o‘z otalig‘iga olgan — klubning ustav kapitalining 80 foizi SFI Management Group’ga tegishli.

Klubning eski stadioni o‘rnida FIFAning xalqaro standartlariga to‘liq javob bera oladigan yangi stadion qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 100 million dollar ajratiladi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Hozirgacha klubga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan. Xorijiy murabbiylar guruhi taklif qilingan. Klubda hamma narsa — menejment, murabbiylar tarkibi, jamoa falsafasi o‘zgargan.

Ko‘rsatuv oxirida Alisher Usmonovdan bir necha iqtibos keltirilgan bo‘lib, unda, jumladan, milliarder O‘zbekiston uchun qanday foydasi tegsa, istalgan vaqtda istalgan narsani qilishga tayyor ekanini ta’kidlaydi.

“O‘zbek ekanimdan faxrlanishimni bir necha bor aytganman. Bu mening vatanim ekanidan faxrlanaman. O‘zbekistonga, uning rahbariyatiga qandaydir foydam tegadigan bo‘lsa, men har doim tayyorman. Har doim, istalgan daqiqada”, — deydi Alisher Usmonov.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Avvalroq SFI Management Group kompaniyasi O‘zbekistondagi ikki kompaniya aksiyalarini ishonchli boshqaruv uchun qabul qilib olgani va, umumiy hisobda, endi “O‘rtachirchiqparranda”ning 89 foiz hamda “O‘zkimyofarm”ning 74 foiz aksiyalariga egalik qilishi haqida xabar berilgan edi.

SFI Management Group mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) ko‘rinishidagi qo‘shma korxonasi (QK) 2017-yil yanvar oyida tashkil etilgan. Ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy jarayonlarni boshqarishga xalqaro standartlarni joriy etishga ixtisoslashgan. Kompaniya loyihalari orasida “O‘zmetkombinat”, Toshkent metallurgiya zavodi, “O‘zkimyofarm”, Eurasia Insurance, Inter Capital va boshqalar bor.