IShID sobiq yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyning o‘lim bilan yuzma-yuz kelishidan avval, so‘nggi oylarda xiyonat bo‘lishi mumkinligidan tez-tez hadiksiragan, vaqti-vaqti bilan cho‘ponlar kiyimini kiyib yurgan va ko‘proq o‘z xavfsizligini ta’minlash haqida o‘ylagan. Bu haqda Associated Press hamda The Times of Israel ma’lumotlariga tayanib “Izvestiya” xabar tarqatdi.

Foto: Independent

Xabarga ko‘ra, u tashkilotning o‘zidan boshqa rahbarlari kutilmaganda xiyonat qilishi mumkinligidan cho‘chigan, muntazam ravishda asabiy holatda yurgan va mobil telefonlardan umuman foydalanmagan.

IShID o‘zi egalik qilgan hududlarni boy bera boshlagach Bag‘dodiyning Suriyada bir yerdan boshqa joyga borishi ham mushkullashgan. Dunyoning birinchi raqamli terrorchisi doim xudkushlar kamari bilan yurgan va uxlaganda ham uni yechmagan, atrofidagi odamlarni ham tirik bomba bo‘lishga majburlagan.

Doimiy talvasada yurish va qandli diabet kasalligiga chalingani sababli qonidagi qand miqdorini doimiy ravishda tekshirib, insulin qabul qilib yurgan. Sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo sabab Ramazon oyida ro‘za tutmagan va yordamchilariga ham ro‘za tutishni taqiqlab qo‘ygan.

Abu Bakr Al-Bag‘dodiy 27-oktabrda Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlagan. IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi taxmin qilingandi. Keyinchalik IShID vakillari ham rahnamo halok bo‘lganligini tasdiqladi va AQShdan qasos olishni va’da berdi. IShID terroristik tashkilotida Bag‘dodiyning o‘rnini Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy egallagan. 4-noyabr, yakshanba kuni Suriyaning Aleppo viloyatida Turkiya harbiylari Bag‘dodiyning opasi 65 yoshli Rasmiya Avad va uning oila a’zolarini qo‘lga olgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.