Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxobodga kelgach, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston davlat rahbarining matbuot xizmati.
“Suhbatda davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga samarali raislik qilgani bilan tabriklab, tashkilot sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi”, — deyiladi rasmiy axborotda.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.
Shuningdek, qo‘shimcha qilishlaricha, “xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti MDHga a’zo mamlakatlarning davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Turkmanistonda bo‘lib turibdi. Sammitning asosiy voqealari 11-oktabrga belgilangan.