Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 10-oktabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodga jo‘nab ketdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, kengash majlisi 11-oktabrga mo‘ljallangan. Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyevning qator davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Avval xabar berilganidek, sammit yakunida bir qator hujjatlarni, jumladan, 2020-yilda MDHda raislikning O‘zbekistonga o‘tishi to‘g‘risida qaror, Strategik iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya, Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati, 2020—2022-yillarda terrorizm va ekstremizmning boshqa zo‘ravonlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturini qabul qilish ko‘zda tutilgan.