Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Vadim Abramov Yamanga qarshi bellashuvdan oldin o‘yinoldi fikrlari bilan bo‘lishib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

O‘yin haqida

Barcha kimga qarshi o‘ynashimizni juda yaxshi bilishadi shu bois nima deyishni ham bilmayman. Barcha o‘yinning ahamiyatini tushunib turibdi. Yigitlar jangovar holatda.

Yamanni o‘rganib chiqdingiz va nima sizni tashvishga solmoqda?

Yaman tartibli o‘ynaydi, oddiy o‘ynaydi ammo Saudiya Arabistoniga va Singapurga ikkitadan gol urishga erishgan. Hujumchi tezda oldinga o‘tadi va ochiladi. Oddiy va natijali futbol. Himoyada “avtobus” qo‘yadi va katta kuch bilan himoyalanadi. Darvozabon yaxshi o‘ynaydi, omadi ham keladi, omad kuchlilarga kulib boqadi.

Bugungi kunda Yamanda chempionat o‘yinlari bo‘lmayapti, shu bois ular anchadan buyon terma jamoa bilan shug‘ullamoqda. Ya’ni istalgan paytda yig‘ilib mashg‘ulot o‘tkazmoqda.

Raqiblar bizni Kuper taktikasi bo‘yicha o‘rgangan. Ertaga boshqacha taktikada o‘ynaymiz va bu bizning ustunligimiz bo‘ladimi?

Umid qilamanki, biz boshqacha o‘ynaymiz. Ammo aynan qanday o‘ynashimizni bilmayman. Doskada Yamanni mag‘lub etib bo‘lgandirmiz, endi ularni maydonda ham yuta olishimiz kerak. Qadrdon devorlar doim yordam beradi va ertaga ko‘plab muxlislar qarshisida g‘alaba qozonishni istayman.

Ertaga Ahmedov asosiy tarkibda maydonga tushadimi?

Odil Ahmedovda kichik jarohat bor edi. Bugungi rasmiy mashg‘ulotdan keyin buni hal qilamiz.

Siz uchun hozir nima muhim? Natijami yoki chiroyli o‘yin?

Bu guruhdan chiqishga harakat qilamiz. Agar yaxshi o‘ynasak ochkolar ham bo‘ladi. Ham chiroyli o‘yin namoyish etish, ham natijaga erishishga harakat qilamiz.

Agar keyingi bosqichga chiqa olsak, Osiyo Kubogiga ham yo‘llanmani qo‘lga kiritamiz. Shu tomonlama ham bosim yo‘qmi?

Hozir faqat Yaman haqida o‘ylayapmiz. Undan keyin esa Singapurga safar qilamiz. Uzoq parvozdan keyin futbolchilar tiklanib, g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. Bu ham o‘ziga yarasha qiyin.

Kuper davrida futbolchilar bitta qobiq ichida o‘ynashgandi, futbolchilarni o‘sha qobiqdan chiqara oldingizmi? O‘z uslubingizga moslashtira oldingizmi?

Kuper haqida hech nima deya olmayman. O‘z falsafamni yigitlarga yetkazib berishga harakat qildim. Olimpiya terma jamoasi bilan bahsda nimadir o‘xshadi, nimadir o‘xshamadi. Ertangi o‘yinda o‘z futbolchilarimga ishonaman.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!