1905-yilni fizikada “mo‘jizalar yili” deb nomlashadi. Chunki o‘sha yili hali deyarli hech kim tanimaydigan fizik, Bern patent idorasi xizmatchisi Albert Eynshteyn o‘zining ketma-ket uchta eng muhim maqolasini e’lon qildi. Ularda statistik fizika, kvant nazariyasi hamda maxsus nisbiylik nazariyasi borasida olamshumul yangi ilmiy nazariyalar o‘rtaga tashlangan edi. Bugungi kun fizikasi, ta’bir joiz bo‘lsa, Eynshteyn 1905-yilda barpo qilgan nisbiylik nazariyasi ustiga qurilgan.

Nisbiylik nazariyasi, shubhasizki, ilm-fan tarixidagi eng buyuk nazariyalar sirasiga kiradi va zamonaviy ilm-fanda markaziy o‘rin tutadi. Hech ikkilanmay ushbu nazariyani butun boshli zamonaviy ilm-fanning lokomotivi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biroq qizig‘i shundaki, shundayin yuksak, eng oliymaqom ilmiy nazariya uchun uning muallifi – Eynshteynga Nobel berilmagan.

“Daryo” “Nobel haftaligi oldidan” ruknida bugun shu haqida hikoya qiladi.

Adolat yuzasidan aytish kerakki, Eynshteyn o‘zi barpo etgan nisbiylik nazariyasi uchun 1910-yildan boshlab 1922-yilgacha o‘n marta Nobel mukofotiga tavsiya qilingan (1911 va 1915-yillardan tashqari). Biroq har safar uning nomzodi rad etilgan. Nihoyat unga 1922-yilgi fizika bo‘yicha Nobel berildi. Biroq bu Nobel olimga nisbiylik nazariyasi uchun emas, fotoeffekt hodisasini kashf qilgani uchun berilgan.

Foto: Wikipedia

Fotoelektr hodisasini istalgan boshqa olim kashf qilgan bo‘lgan taqdirda ham, unga buning uchun Nobel berilishi tayin edi. Biroq Eynshteynning boshqa kashfiyotlari, xususan, nisbiylik nazariyasining ko‘lami fotoeffekt hodisasini soyada qoldirib ketadi. Shunga qaramay, mukofot baribir XX asrning eng muhim ilmiy ishi – nisbiylik nazariyasi uchun berilmadi.

Buning sabablari bir nechta. Shulardan biri va asosiysi shuki, o‘sha yillari Eynshteynni nisbiylik nazariyasi uchun Nobelga tavsiya etilgan paytda hali ushbu nazariyaning haq ekanini tasdiqlovchi eksperimental dalillar juda kam edi. Hali-beri ko‘plab olimlar, shu jumladan, Nobel mukofoti qo‘mitasidagilarning nisbiylik nazariyasiga nisbatan katta shubhasi bor edi. Albatta, nisbiylik nazariyasining eng muhim xulosasi – massa va energiyaning o‘zaro bog‘liqligining (E=mc2 formulasi) ilk isboti 1908-yildayoq ma’lum bo‘lgan. Biroq mukofot hay’ati buni yetarli emas deb hisoblagan.

1915-yilda Eynshteyn nisbiylik nazariyasining yanada mukammalroq talqini – umumiy nisbiylik nazariyasini e’lon qilgach, uning ismi-sharifi Nobel mukofotining har yilgi nomzodlari orasidan muqim o‘rin egalladi. Biroq mukofot qo‘mitasidagilar uchun bu safar ham “dalillar kamlik qildi”. Umumiy nisbiylik nazariyasi taqdim qilgan xulosalardan biriga ko‘ra, koinotdagi obyektlarning gravitatsion qizilga siljish hodisasini kuzatilishi kerak edi. Buni tekshirish uchun AQShdagi Maunt-Vilson tog‘ rasadxonasida astrofizik Charlz Eduard maxsus kuzatuv o‘tkazib, bu effektni kuzatmadi. 1919-yilgi Quyosh tutilishi vaqtida Quyosh gravitatsiyasi ta’sirida uning yaqinida yorug‘lik nurlarining egrilanishi hodisasi esa astronom Artur Eddington tomonidan aniq kuzatildi. Bu, shubhasiz, umumiy nisbiylik nazariyasining yaqqol isboti bo‘lsa-da, biroq Nobel mukofotini fizika yo‘nalishidagi qo‘mita a’zolarini bu ham ishontira olmadi. O‘sha paytda Eynshteyn fizikasi mutlaqo yangi, inqilobiy g‘oyalarni taklif qilayotgan edi; mukofot hay’atida esa asosan eski zamon olimlari yig‘ilgan bo‘lib, ularning aksariyati, Eynshteyn g‘oyalarini tan olishga qaysarlik qilardi. Albatta, mukofot qo‘mitasida Eynshteyn g‘oyalarining ahamiyatini fahmlagan va uning naqadar buyuk nazariya barpo qilayotganiga aqli yetgan ilg‘or fikrli kishilar ham bo‘lgan. Xususan, kimyogar Svante Arrenius har safar katta shijoat bilan Eynshteynga nisbiylik nazariyasi uchun Nobel berilishi uchun kurashgan. U nihoyat 1919-yilda bunga erishishiga bir baxya qolganda, qolganlar bir ovozdan Quyosh tutilishini kutish va keyin bir to‘xtamga kelish haqida qaror qabul qilgan. Shuningdek, o‘sha yillari qo‘mita Eynshteynga Broun harakatini ilmiy asoslab bergani uchun ham Nobel berish taklifini ko‘rib chiqqan. Bu taklifni esa Arrenius yoqlamagan. U “agar shunday yirik ilmiy ishi turganida, Eynshteynga statistik fizika bo‘yicha Nobel bersak, bu ilmiy jamoatchilikka g‘alati ko‘rinadi”, degandi u o‘shanda.

Aslini olganda, mukofot qo‘mitasidagilarning qaysarlik qilishiga boshqa katta sabab bor edi. Ularning aksariyati nisbiylik nazariyasini taklif qilayotgan matematik murakkablikni tushunishga ojiz bo‘lgan. Chunki nisbiylik nazariyasida qo‘llangan matematik apparat, ungacha bo‘lgan zamonlarda fiziklar ishlashga to‘g‘ri kelgan eng murakkab matematik yechimlardan ham jiddiyroq va murakkabroq bo‘lib, ko‘pchilik yetuk olimlarning ham bunga “kallasi yetmas” edi. Xususan, o‘sha 1919-yilda, Artur Eddington Quyosh tutilishi orqali umumiy nisbiylik nazariyasini tekshirib ko‘rayotgan vaqtda, unga bir katta obro‘li fizik “dunyoda nisbiylik nazariyasini tushunadigan atiga uch kishi bor” degan ekan. Ulardan biri albatta Eynshteynning o‘zi bo‘lsa, ikkinchisi deb o‘sha odam o‘zini hisoblagan (taassufki, u aynan kim bo‘lganini biz bilmaymiz). Shogirdlarining xotirlashicha, Eddington bir umr o‘sha uchinchi odam kim ekan deb o‘ylab yurgan ekan. Chunki o‘sha zamonda baribir nisbiylik nazariyasini to‘liq tushunib yetgan boshqa odamni uchratmagan ekan.

Hozirda aniqlanishicha, Nobel qo‘mitasi uchun Eynshteynning nisbiylik nazariyasi bo‘yicha ishlarini aynan Svante Arrenius o‘rganib chiqqan va xulosa bergan. Katta ehtimol bilan, Eddington aytgan o‘sha shaxsi noma’lum va “nisbiylik nazariyasini yaxshi tushunadigan” kishi aynan Arrenius bo‘lishi mumkin. Biroq har safar u hay’atga Eynshteyn nomzodi va nisbiylik nazariyasining ahamiyati haqidagi hisobotni topshirar ekan, unga muqobil tarzda qo‘mita Alvar Gulstrand ismli oftalmologdan ham nisbiylik nazariyasining taqrizini so‘ragan. 1921–1922-yillarda Eynshteyn nomzodining va nisbiylik nazariyasining Nobeldan mosuvo bo‘lishiga aynan Gulstradning hisoboti sabab bo‘lgan. O‘zi oftalmolog bo‘lsa, u qanaqasiga fizik nazariya haqida taqriz berishi mumkin bo‘lgan va u qanchalik kompetent taqriz bo‘lgani bizga qorong‘u. Biroq haqiqat shuki, u boshqa bir nemis fizigi Ernst Gerkening ishlarida umumiy nisbiylik nazariyasiga mos kelmaydigan fikrlar borligini ro‘kach qilib, Eynshteynning nisbiylik nazariyasi “hozircha” Nobelga loyiq emas deb tavsiya bergan. Endi o‘ylab ko‘ring, bugungi kunda Ernst Gerkeni ham, oftalmolog Gulstradni ham birov tanimaydi, uning ilmiy ishlari unut ham bo‘lib ketgan. Biroq o‘sha paytda nimagadir Eynshteyndan ko‘ra unga ko‘proq ishonishgan bo‘lib chiqmoqda.

Foto: Wikipedia

Xullas, mukofot qo‘mitasidagi eski zamon fiziklari avvalo nisbiylik nazariyasiga o‘zlarining aqli yetmagani uchun, qolaversa, yuqoridagi singari nokompetent taqrizlar sababli Nobel berishga qaysarlik qilib turaverishdi. Nihoyat, 1921-yilda unga “hech bo‘lmasa” fotoeffekt hodisasini tushuntirib bergani uchun Nobel berish kerakligi taklifi bilan Upsala universiteti professori Karl Ozen chiqish qildi. Fotoeffekt ham kvant hodisalari turkumiga kiradi va 1918-yilgi fizika bo‘yicha Nobelni aynan kvant nazariyasi uchun Maks Plankka berilgan edi. Shu sababli qo‘mita bu safar ham qaysarlik bilan turib oldi. Ularning izohi yosh bolalarnikiga o‘xshardi: “Kvantlar uchun yaqindagina Nobel berildi, nima, yana shunga beramizmi?!”. Aynan shu bo‘lmag‘ur vaj va kelishmovchiliklar sababli mukofot hay’ati a’zolari 1921-yilda o‘zaro ziddiyatga borib qoldi va o‘zaro murosa yo‘li topilmadi. Natijada o‘sha yili fizika bo‘yicha Nobel hech kimga berilmay qo‘yaverildi.

1922-yilda fransiyalik fizik Marsel Brillyuen Nobel mukofoti qo‘mitasiga shunday qaltis savol berdiki unda mukofotning o‘z nufuzi shubha ostiga olingan va qo‘mita a’zolarining o‘z vakolatiga nomunosib ekanligiga kinoya qilib qo‘yilgan edi. Brillyuen “Eynshteyn Nobel olmasa, sizlar 50 yildan keyin kulgiga qolasizlar” degan edi. Mukofot qo‘mitasiga jahonning eng ko‘zga ko‘ringan fiziklari bosim o‘tkaza boshladi. Xususan, Maks Plank, Xendrik Lorens, Nils Bor, Vilgelm Vin, Maks fon Laue, Kammerling-Onnes kabi yirik olimlar Nobel qo‘mitasidagi “qaysar chollar”ni insofga chaqirishdi. Faqat shundan keyingina Nobel qo‘mitasi 1922-yilda Albert Eynshteynga 1921-yil hisobidan fizika bo‘yicha Nobel mukofoti topshirishga qaror qildi. Shunda ham ular nisbiylik nazariyasini tan olmaganini “ko‘rsatib qo‘ygan”. Chunki mukofot Eynshteynga baribir nisbiylik nazariyasi uchun emas, balki “fotoelektr effekti hodisasini kashf qilgani va boshqa ilmiy ishlari uchun” degan ta’rif bilan berildi. Albatta, “va boshqa ilmiy ishlari” sirasiga nisbiylik nazariyasi ham kiradi. Biroq Nobel qo‘mitasi baribir qaysarlik qilib turib olganini hanuzgacha tushunish qiyin.

Eng qizig‘i, nihoyat Eynshteynga Nobel mukofoti topshirilgach, endi birvarakayiga ikki mamlakat – Germaniya va Shveytsariya u o‘z fuqarosi ekanini da’vo qila boshladi. Xabaringiz bo‘lsa, Eynshteyn Germaniyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, biroq oliygohni tamomlagach, Shveytsariyaga ko‘chib ketib, o‘sha yerda patent idorasida oddiy ishchi bo‘lib ishlar edi. Qolaversa, mukofot berilgan paytda u allaqachon Shveytsariya fuqaroligini olgan bo‘lgan. Mukofot qo‘mitasining bu boradagi murojaatiga ham mujmal javob bergan va ularni ikkilantirib qo‘ygan (yillab davom etgan sansalorlik uchun “jazo” tariqasida bo‘lsa kerak). Xususan, Eynshteyn Stokgolmga maktub yo‘llab, o‘zini Germaniya fuqarosi deb e’tirof etishlariga qarshi emasligini, biroq diplomatiya nuqtai nazaridan Shveytsariya elchixonasiga murojaat qilish to‘g‘ri bo‘lishini yozgan. Albatta, bu hazil Nobel qo‘mitasidagilarni tang holatda qoldirgan. Oxiri ular Shvetsiyaning Germaniyadagi elchisi orqali rasmiy murojaat yo‘llab, Eynshteynning hujjatlarini Berlindagi uyiga keltirib berishgan...

Muzaffar Qosimov tayyorladi.