Bir necha oy avval 16 yoshli shved qizi Greta Tunberg yolg‘iz piket bilan mamlakat parlamenti oldida chiqish qilib, agar siyosatchilar iqlim o‘zgarishlari masalalariga oid Parij kelishuvlariga jiddiy e’tibor qaratishni boshlamasa, maktabga borishdan bosh tortishini ma’lum qilgan edi. Hozirga kelib Gretaning noroziliklariga 1,5 milliondan ziyod odam qo‘shilgan. Qizning o‘zini esa Nobel mukofotiga tavsiya etishmoqda. Xo‘sh, 16 yoshli o‘smir qiz Grеta Tunberg nimaga erishmoqchi? “Daryo” shu haqda hikoya qiladi.

“Kelajak nomidan juma”

2018-yilning 20-avgustida 15 yoshli Greta Tunberg ilk bora Rikstag binosi oldida qo‘lbola plakat bilan paydo bo‘ldi. U global iqlim isishi oqibatida Shvetsiyada yuzaga kelgan qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari muammosiga siyosatchilarning e’tiborini qaratishni maqsad qilgan edi va agar bu muammoga jiddiy yondashuv boshlanmasa, u maktabga chiqmasligini e’lon qilgan. Aytish joizki, Greta piket uchun juda qulay vaqt tanlagan. Chunki o‘shanda Rikstag sayloviga atigi uch hafta qolgan va siyosiy partiyalar saylovoldi targ‘ibotini rosa avjiga chiqargan edi. Parlament binosi qarshisida yolg‘iz piket qilayotgan Gretaning qo‘lida “Iqlim uchun maktab noroziligi” degan yozuv bo‘lgan. Qo‘shimchasiga, u o‘ziga e’tibor bilan yaqinlashgan odamlarga shaxsiy printerida tayyorlangan flayerlarni tarqatgan. Unda Greta nima uchun piket qilayotganini qisqacha tushuntirgan: “Biz bolalar ba’zan kattalarning gapiga kirmaymiz. Biz ham o‘zimizni kattalardek tutyapmiz. Agar siz kattalar bunga tupurgan bo‘lsangiz, biz ham tupurdik. Mening ismim Greta va men to‘qqizinchi sinfda o‘qiyman. Men parlament saylovigacha bo‘lgan vaqtda maktabga borishdan bosh tortaman!”

Foto: Google Photos

O‘sha kuni uni Rikstag qarshisida ko‘rgan ko‘pchilik bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida xabar qoldirdi. Haftaning oxiriga borib Greta yonida yana bir necha o‘nlab odam to‘plandi. Parlament a’zolari ham uni qo‘llab-quvvatlab chiqishlar qildi. Mamlakatning eng yetakchi OAVlari hamda davlat telekanallari u haqida axborot tarqatdi.

8-sentabr kuni, ya’ni parlament sayloviga bir kun qolganida Greta endi to‘xtab qolish niyati yo‘qligini ma’lum qildi va hamma mamlakatlarda “Kelajak uchun juma” nomli aksiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Unga ko‘ra, barcha ko‘ngillilar o‘z mamlakatlari parlamenti binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazishga chaqirildi. Gretaning bu tashabbusi butun dunyo bo‘ylab millionlab odam tomonidan qo‘llab quvvatlandi va o‘sha juma, ijtimoiy tarmoqlar #fridaysforfuture xeshtegi bilan e’lon qilingan minglab norozilik suratlariga to‘lib ketdi.

The Guardian nashri Gretadan o‘z xatti-harakatlariga izoh berishini so‘rab intervyu olganida u “Ayrim odamlarga barcha narsa o‘z holicha qolaversa ham mayli. Lekin men unaqa emasman. Ayniqsa biror narsadan xavotirda yoki qayg‘uda bo‘lsam, buni shunday qoldira olmayman. Kichik sinfda o‘qiyotganimda menga o‘qituvchimiz okeandagi plastik uyumi, global iqlim isishi sababli qutb ayiqlari jabr ko‘rayotgani haqida film qo‘yib bergan. Men buni ko‘rib rosa yig‘ladim. Sinfdoshlarim ham yig‘ladi. Lekin film tugagach, ular bemalol yana boshqa ishlari bilan shug‘ullanaveradi. Men esa unday qila olmayman. O‘sha kadrlar miyamdan chiqmay qoldi” – degan edi o‘shanda Greta.

Foto: BBC

Aslida undagi “men bunday qila olmayman” degan narsa Asperger sindromi deb nomlanuvchi holat bo‘lib, Greta 11 yoshidayoq chuqur depressiyaga tushadigan bo‘lib qolgan. Shu yoshdan boshlab unda sinfdoshlari va tengdoshlari bilan muloqotda hamda dars tayyorlash jarayonida muammolar kelib chiqa boshlagan. Bu o‘ziga xos ruhiy holat bo‘lib, bola o‘ziga hech kim e’tibor bermayotgandek his qilaveradi va giperfaol bo‘lib qoladi. Zarur paytda esa u atrofdagilar bilan muloqot qila olmaydigan bo‘lib qoladi va ijtimoiy muammolarga yo‘liqaveradi.

Biroq buning qarama-qarshi va ijobiy tarafi ham bor. Ya’ni Greta biror muayyan aniq bir masala yuzasidan diqqatini jamlab soatlab ishlashi mumkin. U bir masalani o‘rganishga kirishsa, unga istagancha jiddiy e’tibor bilan yondashib, sinchiklab o‘rganib chiqa oladi va bundan uni hech kim chalg‘ita olmaydi. Iqlim o‘zgarishi masalasi bilan ham xuddi shunday bo‘lgan. Greta bir marta bu haqda bosh qotirib qoldi va unga mukkasidan ketgan holda bir yil tinimsiz bu bilan miyasini band etdi. Keyin esa amaliy ishga o‘tdi. Ya’ni u go‘sht yemay qo‘ydi, zaruriyati yo‘q narsalarni xarid qilmadi va samolyotda uchishdan voz kechdi.

Umuman olganda, butun Tunberglar oilasi Gretaning qoidalari bilan yashay boshladi. Ular uyga Quyosh panellari o‘rnatdi, tomorqada sabzavotlar yetishtirib, faqat o‘simliklar bilan oziqlana boshladi, ishga ham avtomobilda emas, velosipedda qatnaydigan bo‘ldi. Gretaning onasi o‘z mamlakatida ancha mashhur opera xonandasi bo‘lgani sababli uning o‘zini qanday tutishi ham ko‘pchilikning e’tiborida bo‘ldi. 2009-yilgi Eurovison tanlovida Shvetsiya nomidan qatnashgan Malena Erman Greta Tunbergning onasi bo‘ladi va u ham endilikda gastrollarga faqat poyezdda bormoqda ekan. Albatta, ona Tunberg bu holat uning karyerasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatganini ham tan olgan.

“Kelajak uchun juma” aksiyalari paytida Greta bilan muloqotda bo‘lgan jurnalistlar u haqda shunday yozgandi: “Yoqimtoy qiz deb bo‘lmaydi. Keskin va dadil gapiradigan qiz. Ba’zan sarkazm ham qiladi”.

Foto: Google Photos

Qizig‘i shundaki, 16 yoshli Greta Tunberg barcha chiqishlarining matnini o‘zi yozadi va uning ortida ota-onasi ham, o‘qituvchilari ham turmaydi. Faqat nutqlaridagi ayrim terminologik nozikliklarni va statistik faktlarni aniqlashtirib olish uchun ekolog olimlar bilan maslahatlashib turadi. Shuningdek, u onasining mashhurligidan ham foydalanishni istamaydi va ota-onasini o‘z norozilik namoyishlarida qatnashishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, bu qiz o‘zining endilikda taniqli shaxs ekanini ham yaxshi anglaydi va qiyofasi hamda o‘zini tutishiga jiddiy e’tibor qaratadi.

Ushbularni inobatga olib, ayrimlar Greta Tunberg ortida juda katta pinhona piar-loyiha ketayotgani va aslida qizning o‘zi bilmagan holda shunchaki qandaydir biznes-startraplarning “yuzi” sifatida xizmat qilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham fikrlar bor.

Greta nimaga erishmoqchi?

O‘zining aytishicha, Greta Tunberg odamlarni va ayniqsa siyosatdonlarni global iqlim o‘zgarishlariga nisbatan mas’uliyat bilan qarashga chorlamoqchi ekan va shu maqsadda iqlim muammolarini maksimal ovoza qilgan holda hammaga yetkazishni maqsad qilgan.

“Men his qilayotgan qo‘rquvni hamma his qilishini xohlayman. Keyin esa, hamma harakatga tushishini istayman. Uy yona boshlasa, uni boshqatdan qurish haqida o‘ylashga tushmaysiz, aksincha, ko‘chaga baqirib chiqib, o‘t o‘chiruvchilarni chaqirasiz. Bu ham shunga o‘xshash fikr”, – degandi Greta shu yilgi Davos forumidagi nutqida.

Greta Shvetsiya hukumati iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 2015-yilgi Parij kelishuvlarini real amalga oshira boshlamagunicha norozilik chiqishlarini davom ettirishga qaror qilgan. Eslatib o‘tamiz, Parij kelishuvlariga ko‘ra, sayyoramizdagi o‘rtacha iqlim isishini 2 ℃ dan oshirmaslikka kelishib olingan edi. Bu raqam atmosferaga tashlanayotgan uglerod oksidlari miqdorini 15 foizga qisqartirilsagina erishilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichdir. Greta shved hukumatidan shuni talab qilmoqda.

U shu choqqacha nimaga erishdi?

Tunbergning aytishicha, “Kelajak uchun juma” chiqishlari paytida 50 dan ortiq mamlakatda 1,5 milliarddan ortiq odam uning noroziligiga qo‘shilgan. Jami 123 mamlakatda 2 ming martaga yaqin norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Natijada i-D jurnali Greta Tunbergni “Avlod ovozi” deb atay boshladi, Time jurnali esa uni 2019-yilning 100 nafar eng ta’sirli odami ro‘yxatiga qo‘shdi. Qiz haqida The Guardian, New Yorker hamda boshqa eng nufuzli nashrlar yozdi.

Foto: BMT

Eng asosiysi va Greta haqida eng katta shov-shuv ko‘targani esa, uning BMT konferensiyasida ishtirok etgani va nutq so‘zlagani bo‘ldi. Boz ustiga, endi uni Stokgolm TED ma’ruzalariga nutq so‘zlash uchun taklif qilinmoqda ekan.

Tunberg boshlagan noroziliklar miqyosi ayrim mamlakatlarda shu darajaga yetdiki, hatto hukumat rahbarlari vaziyatga aralashishiga to‘g‘ri keldi. Hatto Angela Merkel Germaniyada maktab o‘quvchilarining bunday noroziliklarda qatnashayotganini izohlayotib, o‘z nutqida biroz “qovun tushirib” ham qo‘ydi va keyinchalik uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. U bolalarni “tashqi kuchlar ta’sirida” namoyish qilayotganlikda ayblagan edi. Greta esa bunga javoban “u bizni rus josuslari deb o‘yladi shekilli” qabilidagi kesatiq bilan chiqish qilgan. Gretaning Belgiyadagi izdoshlari tufayli esa ekologiya vaziri Joke Shovligeni iste’fo berishigacha olib bordi. Vazir o‘z chiqishida “Kelajak uchun juma” norozilik aksiyasida qatnashgan o‘quvchilarni shunchaki “darsdan qochganlar” deb atagan edi. Bu esa belgiyalik o‘quvchilar va ekoharakat faollarining qahr-g‘azabiga sabab bo‘lgandi.

Greta Tunbergni qo‘llab-quvvatlagan siyosatchilar orasida esa Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Tereza Mey, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama va uning xotini Mishel Obama singarilar ham bor.

Hozirda esa 16 yoshli shved qizi Nobel mukofotiga tavsiya qilinmoqda. Aytish joizki, Greta Tunberg nafaqat iqlim muammolarining o‘zi borasida, balki bolalarning o‘z fikrini aytishga va ularni kattalar eshitishlari kerakligi borasida ham katta ko‘lamli ishlarni qilmoqda. U bola huquqlari doirasida bolalarning o‘z fikri borligini kattalar hurmat qilishi kerakligi va bolalar o‘zi uchun muhim deb bilgan narsalarni baralla aytishlari lozimligini ta’kidlagan.

23-sentabr kuni Greta Tunberg BMT bosh konferensiyasida nutq so‘zladi va katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning nutqidagi asosiy tezislar quyidagidir: katta avlod yolg‘on-yashiq va vaqtinchalik hoyu-havasga berilgan, aslida esa tabiat haqida hech kim qayg‘urayotgani yo‘q; shu sababli endilikda  yoshlar “kallasi katta” siyosatchilarga ishonishda davom etmoqchi emas.

“Men shunchaki bu muammoning yuziman va shu sababli barchaning nafrati menga qaratilgan. Men aslida hech qanday yangi gap aytayotganim yo‘q. Men shunchaki olimlar o‘n yillardan beri bong urayotgan muammoga hammaning e’tiborini qaratmoqchiman. Albatta, men bu muammo yuzasidan shug‘ullanishga yoshlik qilaman. Lekin bu muammo bilan hech kim shug‘ullanmayotgani uchun hamda kelajak xavf ostida qolayotgani uchun, men o‘z noroziliklarimni davom ettirish kerakligini his qilmoqdaman”, – dedi Greta.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.