Bugun, 28-sentabr kuni soat 7:00 da Afg‘onistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari boshlandi, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: “Kapital.kz”

Tolo News telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga olingan jami saylovchilar soni 9,6 million kishini tashkil etadi. Mamlakatning 34 viloyatida 5373 ta saylov markazlari ochilgan, biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan ularning 445 tasi yopilishi kutilmoqda.

Ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 ga qadar davom etadi.

Afg‘oniston prezidentligiga nomzod sifatida 18 kishi da’vogarlik qilmoqda, jumladan, ular orasida mamlakatning amaldagi prezidenti Ashraf G‘ani va bosh vazir Abdulla Abdulla ham bor.

Ta’kidlanishicha, saylovlarda biometrik tizim yordamida tasdiqlanuvchi ovozlargina hisobga olinadi. Masalaning e’tiborli tomoni, tizim uchun fotosurat lozim, bu esa afg‘on ayollari uchun diniy tarafdan nomaqbul hisoblanadi.

Avvalroq, “Tolibon” harakati saylov markazlariga, shuningdek, saylov komissiyasi xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilish bilan tahdid qilgandi.

Afg‘oniston ichki ishlar vaziri saylovlarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlaridan 72 ming xodim jalb etilganini ta’kidlagan. Bundan tashqari 20—30 ming nafar harbiy yordam ko‘rsatishga shay holatda turibdi.