AQSh Saudiya Arabistoni neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar bilan uyushtirilgan hujum sabab Yaqin Sharqqa qo‘shimcha qo‘shin yuboradi, bu haqda AQSh mudofaa vaziri Mark Esper ma’lum qilgan, deb yozmoqda “Kommersant”.

Foto: Google Images

Pentagon rahbarining so‘zlariga ko‘ra mamlakat prezidenti Donald Tramp ushbu qarorni Saudiya Arabistoni va BAA tomonidan yuborilgan himoya so‘rovlariga javoban qabul qilgan.

“Prezident so‘rovlarga javob tariqasida AQShning Yaqin Sharqdagi qo‘shinlari sonini oshirish va bu orqali asosan raketalar hamda havo hujumidan himoyani mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda”, — deydi AQSh mudofaa vaziri Mark Esper.

Saudiya Arabistoni hamda BAAga kerakli harbiy texnikalarni yuborish jarayoni ham davom etadi.

Pentagon tomonidan hududga yuboriladigan qo‘shin turi va soni haqida kelasi haftada e’lon qilinadi. Brifingda qatnashgan AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Jozef Danfordning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda gap minglab emas balki yuzlab askarlar haqida ketmoqda.

Shuningdek, brifing davomida AQSh mudofaa vazirligi vakillari Eronning sodir bo‘lgan voqealar aybori ekaniga yana bir bora urg‘u bergan.

“Qurol Eronda ishlab chiqarilgan. Raketalar Yamandan uchirilgan. Zaruratga ko‘ra Yaqin Sharq hududiga yana qo‘shin yuborilishi yoki ‘boshqa harbiy variantlar’ ko‘rilishi ko‘zda tutilgan”, — deydi AQSh mudofaa vaziri.

Eslatib o‘tamiz, 14-sentabrda Saudi Aramco’ga dronlar hujumi uyushtirilgan, ushbu ish uchun mas’uliyatni Yamandagi xusiy-jangarilar o‘z zimmasiga olgandi. Keyinchalik AQSh hukumati ushbu hujumlar ortida Eron turganini ta’kidladi. 20-sentabrda Donald Tramp Eronga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llanilganini e’lon qildi.