JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga yangi direktor saylandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
Daniya poytaxti Kopengagen shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qo‘mitasining 69-sessiyasi o‘z ishini boshlagan.Sessiyada JSSTning Yevropa mintaqasidagi 53 ta a’zo davlatdan 500 dan ziyod nufuzli vakillar va sog‘liqni saqlash vazirlari xususan, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.
Sessiyaning ikkinchi kuni Yevropa mintaqaviy byurosiga yangi direktor etib, olti nafar nomzod orasidan belgiyalik 50 yoshli Xans Klyuge saylangan.Bunga qadar Xans JSST Yevropa mintaqaviy byurosining sog‘liqni saqlash tizimlari va jamoat salomatligini muhofaza qilish bo‘limi direktori va ushbu byuro mintaqaviy direktorining maxsus vakili lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Xabar berilishicha, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Xans Klyuge bilan uchrashib, uni mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklagan.
Eslatib o‘tamiz JSST Yevropa mintaqaviy byurosini mintaqaviy qo‘mita tomonidan saylanadigan direktor boshqaradi. Ushbu lavozimga a’zo davlatlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan besh yil muddatga saylanadi.
Izoh (0)