Sentabr oyidagi FIFA kunlarida Yevro—2020 saralash bosqichining 5 va 6-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. “Daryo” guruhlardagi holat haqida to‘xtalib o‘tadi.

“A” guruhi

Foto: Twitter

Mazkur guruhda kutilganidek Angliya terma jamoasi o‘z ustunligini namoyish qilmoqda. Inglizlar 7-sentarbdagi o‘yinda Bolgariyani yirik hisobda dog‘da qoldirgan bo‘lsa, oradan uch kun o‘tib gollarga boy bo‘lgan bahsda Kosovadan ustun keldi. Bitta zaxira o‘yiniga ega Garet Sautgeyt shogirdlari keyingi turda masalani hal qilish imkoniyatiga ega.

Oktabrda “uch sherlar” ikkinchi o‘rindagi Chexiya maydoniga safar qiladi va bu o‘yindagi g‘alaba Angliyaga deyarli muddatidan avval 1-o‘rinni taqdim etadi. Ikkinchi yo‘llanma uchun esa Chexiya va Kosovo termalari harakat olib bormoqda. Chernogoriya va Bolgariyada imkoniyat faqat matematik jihatdan saqlanib qolgan.

“B” guruhi

Foto: Twitter

Mazkur guruhda 6-turdan so‘ng kutilmaganda Ukraina 13 ochko bilan yetakchi bo‘lib turibdi va bitta o‘yin kam o‘tkazgan Portugaliyani besh ochkoga ortda qoldirmoqda. So‘nggi ikkita o‘yinda Portugaliya safarda Serbiyani 2:4 hisobida taslim etdi va Litva maydonida beshta gol urgan holda vaziyatini yaxshilab oldi. Bu o‘yinda Krishtianu Ronaldu poker qayd etgan holda jamoasiga navbatdagi g‘alabani taqdim etdi.

Ukraina ham Litvadan uch ochko tortib oldi, 6-turda esa dam oldi. Bu ikki jamoaga Serbiya raqobatchi bo‘lishga urinmoqda.

“C” guruhi

Foto: Twitter

Avval boshidan “o‘lim guruhi” deb atalgan mazkur guruhda kurash qizg‘in bormoqda. 6-sentabrda nafaqat guruhning, balki 5-turning markaziy o‘yinida Germaniya va Niderlandiya terma jamoalari o‘zaro bahsga kirishdi. Unda “uchar gollandlar” ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Keyin Niderlandiya termasi Estoniya maydonidan yirik g‘alaba bilan qaytdi, nemislar esa muhim o‘yinda Shimoliy Irlandiyani dog‘da qoldirdi.

Ayni damda Germaniya va Shimoliy Irlandiya 12 tadan ochko to‘plagan holda peshqadam bo‘lib turibdi. Zaxira o‘yiniga ega Niderlandiya 9 ochko bilan ular ortidan bormoqda. Estoniya termasi Yevropa chempionatiga chiqish huquqidan rasman mahrum bo‘ldi.

“D” guruhi

Foto: Twitter

Bu guruhda ham teng kuchga ega uchta jamoa o‘rtasidagi bahs “qizib” bormoqda. 5-turda Irlandiya va Shveysariya terma jamoalari o‘yinida durang qayd etildi. Bundan unumli foydalangan Daniya termasi Gibraltarni yirik hisobda yenggan holda yetakchilar qatoriga qaytdi. Biroq daniyaliklar 6-turda Gruziya bilan durang o‘ynab, peshqadamga aylanish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi.

6-turdan keyin Irlandiya 11 ochko bilan 1-o‘rinda bormoqda. Undan ikki ochko kam to‘plagan Daniya esa ikkinchi pog‘onada. Keyingi o‘rindagi Shveysariya (8 ochko) bitta o‘yin kam o‘tkazgan. Ortda qolgan beshta o‘yinda ochko jamg‘arish uyoqda tursin, birorta ham gol ura olmagan Gibraltar deyarli imkoniyatni yo‘qotdi.

“E” guruhi

Foto: Twitter

Bu intriga boy guruhlardan biri bo‘lib turibdi. So‘nggi ikki turda bir qator qiziqarli o‘yinlar bo‘ldi. 4-turdan keyin peshqadam bo‘lib turgan Slovakiya o‘z maydonida Xorvatiyaga yirik hisobda yutqazib qo‘ydi. Shuningdek, 5-turda Uels termasi o‘zida Ozarbayjonni qiyinchilik bilan yengdi.

6-turda Xorvatiya kutilmaganda Ozarbayjon bilan durang o‘ynab qo‘ydi. Slovakiya esa Vengriyani mag‘lub etdi. Shu tariqa, guruhidagi vaziyat chigal tus olmoqda.

Xorvatiya 10 ochko bilan peshqadamga aylandi, Slovakiya va Vengriya esa 9 ochkodan to‘plagan holda keyingi o‘rinlarda bormoqda. Bitta zaxira o‘yiniga ega Uelsda esa 6 ochko bor.

Davomi bor...

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!