Samarqandda ikki kunda ikki kishi pora bilan ushlandi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Foto: “Kometa-Donetsk”

Samarqand viloyati huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 6-sentabr kuni Samarqand shahridagi “Bog‘ishamol” advokatlar hay’ati advokati A.M. Samarqand viloyatida yashovchi ikki nafar fuqarodan nikohdan ajratish jarayonini tezlatish va aliment to‘lovlarini undirish masalasida yordam berish evaziga 200 dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Shuningdek, 7-sentabr kuni Samarqand viloyatidagi huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida Narpay tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi yordamchisi R.M. birlashma tibbiy xodimidan uning 0,25 stavka ish o‘rnini to‘liq stavkaga o‘tkazib berish sharti bilan 400 dollarni pora sifatida olayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.